Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Oʻzbekistonda chiqindi poligonlari bosqichma-bosqich yashil hududlarga aylantiriladi

05.12.2025 Manba: gazeta.uz
Oʻzbekistonda chiqindi poligonlari bosqichma-bosqich yashil hududlarga aylantiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qattiq maishiy chiqindi poligonlari bosqichma-bosqich ekologik xavfsiz hududlarga aylantirilishini maʼlum qildi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi rais o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinovning so‘zlariga ko‘ra, 2030-yilgacha chiqindi poligonlari hajmini 50 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Hozirgacha 47 ta poligon rekultivatsiya qilingan. Mamlakatda maishiy chiqindilardan tashqari, sanoat va xavfli chiqindilar bilan birga 128 million tonnaga yaqin chiqindi to‘planib qolgan.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovning maʼlumotiga ko‘ra, olti viloyatda umumiy qiymati 950 million dollar bo‘lgan chiqindidan energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Obyektlarning tayyorligi 30–40 foiz bo‘lib, ular 2026-yil oxirigacha ishga tushirilishi kutilmoqda. Har bir zavod kuniga o‘rtacha 500 tonna chiqindini qayta ishlaydi.

Hozirda chiqindilarning atigi 3–4 foizi qayta ishlanadi, bu juda past ko‘rsatkich. Ilgari har yili qariyb 200 ta poligonga 14 million tonna chiqindi olib borilgan. Barcha loyihalar ishga tushgach, poligonlar soni ikki baravar kamaytirilib, bo‘shagan joylar yashil hududlarga aylantiriladi.

Zavodlar uchun kadrlar Toshkentdagi «Yashil universitet» bilan hamkorlikda yashil texnikumlarda tayyorlanadi. Chiqindini turlarga ajratib tashlash uning qayta ishlanishini ancha osonlashtiradi.

Manba: gazeta.uz

Orqaga