Tabiatga zarar yetkazgan tashkilotlar uchun jarimalar bir necha barobar oshirildi
Oʻzbekistonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etuvchi qonun qabul qilindi. Unga muvofiq, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartishlar kiritildi. Yangi jarimalar birinchi navbatda korxona va tashkilotlarga, yaʼni yuridik shaxslarga taalluqli.
Endi daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash tartibini buzgan tashkilotlar atrof-muhitga yetkazilgan zararning 3 barobari miqdorida jarima to‘laydi. Suvni ifloslantirish yoki oqova suvlarni suv havzalariga oqizish qoidalarini buzish esa eng qimmatga tushadi: bu holda jarima ifloslantirganlik uchun belgilangan kompensatsiya to‘lovining 10 barobarini tashkil etadi.
Daraxtlar ham himoyaga olinmoqda. Agar tashkilot o‘ziga tegishli yoki biriktirilgan hududdagi daraxtlarni saqlash choralarini ko‘rmasa, u yetkazilgan zararning 5 barobari miqdorida jarimaga tortiladi.
Qonun rasman eʼlon qilinganidan uch oy o‘tib kuchga kiradi. Eslatib o‘tamiz, 30-aprel kuni Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda ekologik huquqbuzarliklar uchun jarimalarni qayta ko‘rib chiqish, noqonuniy qazish ishlari, ifloslantirish va chiqindilarni yoqish uchun choralarni kuchaytirish zarurligi taʼkidlangan edi.
Manba: spot.uz
