Orolbo‘yida suvni “aqlli” boshqarish tizimi joriy etiladi
Oʻzbekiston, Yaponiya va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) Orolbo‘yi aholisiga iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligiga moslashishda yordam beradigan yangi loyihani amalga oshirmoqda. Loyiha shu yilning fevral oyida boshlangan, uch yilga mo‘ljallangan va byudjeti 4,6 million dollarni tashkil etadi. Asosiy hamkorlar – Suv xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi.
Mutaxassislar vaziyat jiddiy ekanini taʼkidlamoqda. BMTTD loyihasi rahbari Alisher Utemisovning so‘zlariga ko‘ra, asr o‘rtalariga borib Oʻzbekistonda suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, Amudaryo oqimi 15 foizga, Sirdaryo oqimi esa taxminan 5 foizga kamayishi, aholi soni esa 2050-yilga borib 50 milliondan oshishi mumkin. Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali ham qo‘shimcha xavf omili sifatida tilga olindi.
Loyiha Qoraqalpog‘istonning qariyb 270 ming kishi yashaydigan to‘rtta tumanini qamrab oladi. Bu yerda geoaxborot tizimlari, datchiklar va raqamli vositalarga asoslangan “aqlli suv taʼminoti” tizimi yaratiladi. U kanallardagi suv sarfi va nasoslar ishini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi. Qurg‘oqchilikni oldindan bashorat qilish uchun sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlaridan foydalaniladi.
Loyihaning yana bir yangiligi – “raqamli egizaklar”, yaʼni kanal va nasos stansiyalarining kompyuterdagi virtual modellari. Ular yordamida turli vaziyatlarni oldindan sinab ko‘rish mumkin. Orolbo‘yida sinovdan o‘tgan yondashuvlar keyinchalik mamlakatning boshqa hududlariga ham tatbiq etilishi mumkin.
Manba: gazeta.uz
