Oʻzbekistonda “Tozalik va ozodalik” ikki oyligi boshlandi
1-oktabrdan boshlab mamlakat bo‘ylab “Tozalik va ozodalik” ikki oyligi o‘tkazilmoqda. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, mahallalar, ko‘chalar, ariq va kanallar, suv havzalari chiqindidan tozalanmoqda, noqonuniy chiqindixonalar yo‘q qilinmoqda, daraxt va butalar parvarishlanmoqda.
Dastlabki kunlarda Toshkent shahrida 261 ta texnika ishtirokida 228 ta mahalladan 47 942 tonna chiqindi olib chiqildi. Andijon viloyatida 23 671 tonna, Samarqand viloyatida 23 125 tonna, Qoraqalpog‘istonda 9 090 tonna chiqindi yig‘ildi. Boshqa hududlarda ham tozalash va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Ikki oylik davomida kuzgi ko‘chat ekishga ham tayyorgarlik ko‘rilmoqda: ko‘chat ekiladigan joylar aniqlanib, yer tayyorlanmoqda. “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi uchun 10 million 597 ming tup daraxt va buta ko‘chati zaxirasi yaratilgan. Ekish 1-noyabrdan hududlar iqlimiga qarab bosqichma-bosqich boshlanadi.
Manba: gov.uz
