← G‘ovzabondoshlar
Boshmoqsimon Noneya
G‘ovzabondoshlar
Yangi

Boshmoqsimon Noneya

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Nonea calceolaris Nikif. & Pazij

Maqomi: 1. O‘zbekiston uchun kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bir yillik o‘tsimon o‘simlik, hurpaygan qalin bezchali va uzun, dag‘al, siyrak tukli, balandligi 30 sm. Poyalari bir nechta, asosidan shoxlangan. Barglari butun yoki bilinar-bilinmas tishchali, qirrali-nishli, keng va tor qirrali, uchi o‘tkir, uzunligi 2,5–4,5 sm, eni 5–10 mm. Meva tuguvchi gajagi 10–14 sm uzunlikda, zich joylashgan, g‘ovakroq. Mevabandi 1–2 mm uzunlikda. Kosachasi gullaganda qo‘ng‘iroqsimon shaklga kiradi, uzunligi 7–8 mm, gultoji naychasidan deyarli 2 barobar uzun va qirrador o‘tkir tishchalari bor. Gultoji sarg‘ish, uzunligi 7–8 mm, naychasining uzunligi 4 mm. Meva-yong‘oqchasi 3–4 mm uzunlikda, tekis joylashgan, tukli, yon tomonlari tirishgan. Mart–aprel oylarida gullab, mevasi aprel–may oylarida yetiladi.

Tarqalishi: Mirzacho‘l va Hisor tizmasi (Joilma)da tarqalgan (Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari).

O‘sish sharoiti: Soz tuproqli cho‘llarda va adirlarda o‘sganligi aniqlangan.

Soni: Uzoq davom etgan qidiruv ishlari natijasiz tugagan. Bu tur butunlay yo‘qolgan bo‘lsa kerak.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘paygan bo‘lishi mumkin.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Yerlarning xo‘jalik maqsadida o‘zlashtirilishi, xo‘jalik faoliyati oqibatida soni keskin qisqarib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [159, 209]. O. Q. Hojimatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009