Oʻzbekiston va Jahon banki tanazzulga uchragan yerlarni tiklash uchun 153 mln dollarlik loyihani boshladi
4–5-aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Iqlim forumida Ekologiya vazirligi va Jahon banki «Oʻzbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash» loyihasini ishga tushirilganini eʼlon qildi. Loyiha Markaziy Asiyoning besh davlatida o‘rmon va tanazzulga uchragan yerlarni tiklashga qaratilgan RESILAND CA+ mintaqaviy dasturining bir qismidir.
Jahon banki imtiyozli kredit va grantlardan iborat 153 million dollar ajratadi. Loyiha Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarini qamrab oladi.
Rejaga ko‘ra, tanazzulga uchragan yerlarda agroo‘rmonchilik, o‘rmon plantatsiyalari, mevali bog‘lar va yaylov-o‘rmon tizimlari barpo etiladi. Bu ishlar mahalliy aholi uchun vaqtinchalik ish o‘rinlari yaratadi. Fermerlarga tabiiy resurslardan samarali foydalanishga asoslangan kichik biznesni rivojlantirish uchun moliyaviy va o‘quv yordami ko‘rsatiladi.
Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar boshqaruvi yaxshilanadi: tashrif markazlari, kemping va piknik joylari, sayyohlik yo‘laklari quriladi. Oʻrmon xo‘jaligi agentligi uchun Oʻzbekistonda birinchi marta o‘rmon plantatsiyalarining yagona maʼlumotlar bazasi yaratiladi.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha 2030-yilgacha mamlakatdagi o‘rmonlar maydonini 6,1 million gektarga yetkazish maqsadiga erishishga xizmat qiladi.
Manba: gazeta.uz
