Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Farg‘onada Qizil kitobga kiritilgan sahro lochinini sotmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi

02.03.2025 Manba: gazeta.uz
Farg‘onada Qizil kitobga kiritilgan sahro lochinini sotmoqchi bo‘lgan fuqaro qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatida Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan sahro lochini (shaxin)ni noqonuniy saqlab kelgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, fuqaro qushni o‘zi yashaydigan mahallada tutib olgan va keyin uni Telegramʼdagi guruh orqali 2 million so‘mdan ortiq pulga sotishga uringan. Viloyat ekologiya boshqarmasi, ichki ishlar organlari va prokuratura hamkorlikda chora ko‘rib, fuqaroni qo‘lga oldi.

Sahro lochini lochinsimonlar oilasiga mansub yirtqich qush bo‘lib, Qizil kitobga kiritilgan. Uni tabiatdan noqonuniy ajratib olganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1500 baravari, yaʼni 562 million 500 ming so‘m miqdorida zarar undirilishi mumkin.

Zarar miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan oshgani sababli ish jinoiy tartibda ko‘rib chiqiladi.

Qizil kitob — yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simlik va hayvon turlari ro‘yxati. Bunday turlarni tutish, sotish yoki uyda saqlash qonun bilan taqiqlanadi. Agar kimdir noyob qush yoki hayvonni sotayotganini ko‘rsangiz, bu haqda ekologiya organlariga xabar berish mumkin. Yovvoyi qushlar faqat tabiatda to‘liq hayot kechira oladi: qafasda saqlash ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazadi va tabiatdagi populyatsiyani kamaytiradi.

Manba: gazeta.uz

Orqaga