2025-yilning birinchi yarmida 137 mln ko‘chat ekildi, 130 ming gektar o‘rmon barpo etildi
2025-yil Oʻzbekistonda Atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil» iqtisodiyot yili deb eʼlon qilingan. Ekologiya vazirligi yilning birinchi yarmidagi natijalarni maʼlum qildi. Yanvar–iyun oylarida vazirlik Vazirlar Mahkamasiga ekologik talablarni kuchaytirishga qaratilgan 18 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritgan.
Bahorgi ekish mavsumida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 137 million tup ko‘chat ekildi. Yana 13,8 million ko‘chat maktablar, tibbiyot muassasalari va ekologik jihatdan «og‘ir» deb belgilangan mingdan ortiq mahallaga tarqatildi. Aholi 570 ta «yashil bog‘» va «yashil jamoat parki» loyihasi uchun ovoz berdi, «Ochiq budjet» orqali 174 ta ekologik loyiha moliyalashtirildi.
Toshkentda 337 mingdan ortiq daraxt «Yashil makon» raqamli platformasiga shaxsiy pasporti bilan kiritildi. Endi fuqarolar ham ularning parvarishini kuzatishi mumkin. Ko‘chatzorlar maydoni 1 300 gektarga yetib, u yerda 123 million ko‘chat yetishtirilmoqda.
Mamlakat bo‘yicha 130 ming gektar o‘rmon barpo etildi yoki tiklandi, shundan 126,2 ming gektari Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri keladi. Tog‘li hududlarda 41 gektarda terrasali o‘rmonlar yaratildi, 746 tonna daraxt va buta urug‘i yig‘ildi.
Sanoat ifloslanishini kamaytirish maqsadida 44 ta korxonada 47 ta eskirgan chang-gaz tozalash uskunasi modernizatsiya qilindi. Toshkentning olti tumanida havo sifatini kuzatuvchi yettita avtomatik stansiya o‘rnatildi.
Manba: daryo.uz
