Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

2025–2028-yillarda suv resurslarini boshqarish dasturi tasdiqlandi: 1,4 mln gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi

13.08.2025 Manba: daryo.uz
2025–2028-yillarda suv resurslarini boshqarish dasturi tasdiqlandi: 1,4 mln gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-avgust kuni 2025–2028-yillarda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish dasturini ko‘rib chiqib, maʼqulladi. Suv tanqisligi mintaqadagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda, shu bois suvni tejash milliy ustuvor vazifaga aylangan.

2020–2024-yillarda bu yo‘nalishga 60 trillion so‘m budjet mablag‘i va 622 million dollar xorijiy investitsiya yo‘naltirilgan. Natijada suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanilgan maydonlar ulushi 2020-yildagi 4 foizdan 2025-yilda 50 foizga yetishi kutilmoqda.

Yangi dastur bo‘yicha 2 551 kilometr sug‘orish tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi, nasos stansiyalari energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlanadi. Suv tejovchi texnologiyalar yana 1,4 million gektarga joriy etiladi, shundan 293 ming gektarda tomchilatib sug‘orish qo‘llaniladi.

Beton qoplamali kanallar ulushi 39 foizdan 47 foizga oshiriladi, bu esa suv yo‘qotilishini kamaytiradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, suv tejash hajmi joriy yilda 10 milliard kub metrga, 2028-yilga borib esa 14 milliard kub metrga yetadi. Yomon sug‘oriladigan yerlar 424 ming gektardan 276 ming gektarga qisqartiriladi.

Suv hisobida inson omilini kamaytirish uchun 12 mingta meliorativ kuzatuv qudug‘i va 1 750 ta nasosga raqamli tizimlar o‘rnatiladi. Tomchilatib sug‘orishda suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simlik ildiziga beriladi, shuning uchun anʼanaviy ariq usuliga qaraganda ancha kam suv sarflanadi.

Manba: daryo.uz

Orqaga