← Baliqlar
Turkiston mo‘ylabdori (shimbaliq)
Baliqlar

Turkiston mo‘ylabdori (shimbaliq)

Barbus capito
Maqomi 2 (VU) — Zaif, kamayib borayotgan
Barbus capito (Gueldenstaedt, 1773)
ssp. conocephalus Kessler, 1872
Maqomi. 2(VU:D): Zaif, qisqarib borayotgan Orol endemik kenja turi.
Tarqalishi. Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryolarning oʼrta oqimlari; oʼtmishda - Orol dengizi va unga quyiladigan daryolarning quyi oqimlari.
Oʼzbekistondan tashqarida: Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Tojikiston, Turkmaniston. Kaspiy dengizi havzasida - boshqa kenja turi.
Yashash joylari. Oqar suv havzalarining chuqurligi 2-3 m, tubi qumli-toshli yoki qumlishagʼalli joylari.
Soni. Ilgari barcha yashash joylarida koʼp boʼlgan, keyingi oʼn yilliklarda soni
keskin kamayib ketdi.
Yashash tarzi. Turgʼun hayot kechiradigan baliq. 4-5 yoshda jinsiy voyaga yetadi. Urchishi - may-iyunda. Serpushtliligi -12-129 ming uvildiriq atrofida.Suv hasharotlarining lichinkalari, suv oʼtlari va jonivorlarning chiriyotgan qoldiqlari bilan ovqatlanadi.
Cheklovchi omillar. Daryolar oqimining sunʼiy tartiblanishi natijasida tabiiy suv rejimining oʼzgarishi, suvning ifloslanishi; koʼpayish sharoitlarining yomonlashishi; iqlimlashtirilgan baliqlar raqobati; brakonerlik.
Koʼpaytirish. Koʼpaytirilmagan.
Muhofaza choralari. Ovlash taqiqlangan. Badaytoʼqay,Qizilqum, Surxon va Zarafshon qoʼriqxonalarida muhofaza qilinadi. Yashash joylarida koʼpaytirishni tashkil qilish va maxsus muhofaza tartibini joriy qilish lozim.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009