Oenanthe heterococca Korovin
Maqomi: 0. Qashqadaryo vohasiga mansub, yo‘qolish arafasida turgan (balki yo‘qolgan), endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi g‘ovak, asosidan shoxlangan, yumaloq, usti chiziqli. Poyaning pastidagi barglari bandli, yuqoridagilari bandsiz, ingichka novli, uch karra patsimon qirqilgan. Bo‘laklari qalami, o‘tkir uchli, uzunligi 7–8 mm. Soyaboni uzun bandli, 10 ta shuʼlali. Soyabonchalari ko‘p gulli. O‘rama bargchalari 7–9 ta, har xil uzunlikda, nashtarsimon. Mevasi pildiroqsimon, uzunligi 3 mm. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Qashqadaryo viloyati: Shahrisabz shahri atrofidagi tog‘ oldi tekisliklarida tarqalgan. Biz Toshkentdagi gerbariy namunalarini boshqa Oenanthe turlari bilan solishtirdik va u O. silaifolia M. Bieb. turiga yaqinligi, aniqrog‘i, undan barglari bilan ham, ildizi bilan ham farqlanmaydi, degan xulosaga keldik. Ye. P. Korovinning «heterococca» epiteti mevalarni o‘rganishda orqali o‘z tasdig‘ini topmaydi. Ular esa O. silaifolia mevalariga o‘xshash. O. silaifolia o‘xshash ekologiyaga ega, Eron, Kavkazdan to Yevropa va Shimoliy Afrikagacha keng tarqalgan. Shahrisabzga o‘simlikning urug‘i guruch bilan birga aralashib kelib qolgan bo‘lishi mumkin.
O‘sish sharoiti: Sug‘oriladigan dalalardagi botqoqlangan yerlarda, suv havzalarining atroflarida o‘sadi.
Soni: Bundan 40 yil oldin bir marta terilgan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘paygan bo‘lsa kerak, degan taxmin bor.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Bu tur haqida maʼlumotlar juda kam.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumot yo‘q.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [147, 348].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009