Phrynocephalus strauchi Nikolsky, 1905
Maqomi: 1(EN): Yo‘q bo‘lib ketayotgan, lokal tarqalgan qisqa endemik tur.
Tarqalishi: Markaziy Farg‘ona.
O‘zbekistondan tashqarida: Tojikiston va Qirg‘izistonning tutash hududlari.
Yashash joylari: Cho‘llarning o‘tbutalari siyrak, qumi qisman va butkul mustahkamlashgan qismlari, qumoq taqir va qorasho‘r yerlar.
Soni: 1960-1970 yillarda lokal populyatsiyalarda bahorda gektarda 12 tagacha, kuzda - 48 tagacha hisobga olinar edi. 1999 yilda
Yozyovon tabiiy yodgorligi hududida gektarda 8-11 ta; Jumashuy qo‘rg‘oni yonida esa 10 dan 60 tagacha hisobga olingan . Hozirda aksariyat yashash joylarida yo‘q bo‘lib ketgan.
Yashash tarzi: Mart-oktyabrda - faol; o‘z inida berkinib o‘sha yerda qishlaydi. Juftlashishi - mart- aprelda. Bir yilda 2 marta - may- iyunda - 3-4 tadan tuxum ko‘yadi. Bolalari tuxumdan iyun-avgustda chiqadi va keyingi yil bahorda jinsiy voyaga yetadi. Mayda hasharotlar va o‘rgimchaksimonlar bilan oziqlanadi.
Cheklovchi omillar: Cho‘l zonalarida qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, ayniqsa yerlarni sug‘orish.
Ko‘paytirish: Ko‘paytirilmagan.
Muhofaza choralari: Yozyovon tabiat yodgorligi hududida muhofaza qilinadi. Saqlanib qolgan barcha lokal populyatsiyalarini aniqlash,muhofazasini va tutqinlikda ko‘paytirishni tashkillashtirish lozim.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009