← Sudralib yuruvchilar
Shcherbak qalqonli gekkonchasi Shcherbak qalqonli gekkonchasi Shcherbak qalqonli gekkonchasi
Sudralib yuruvchilar
Yangi

Shcherbak qalqonli gekkonchasi

Maqomi 1 (EN) — Yo‘qolish arafasida
EN — Endangered (IUCN xalqaro toifasi)

Szczerbak Testaceous Gecko

Maqomi: 1 (EN): Yo‘q bo‘lib ketayotgan, mozaik tarqalgan, relikt endemik kenja tur. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [VU].

Tarqalishi: O‘zbekistonda Shcherbak gekkonchasi Xiva shahrida uchraydi. O‘zbekistondan tashqarida: Turkmanistonning chegara hududlari, Amudaryo daryosining chap qirg‘oq bo‘ylari, Chorjo‘ydan Kun- Urganchgacha.

Yashash joylari: Mazkur tur to‘laligicha sinantrop sanalib, faqatgina antropogen landshaftlarda uchratish mumkin. Odatda, paxsa devorlarga, qadimiy qalʼalarga va sug‘orish kanallari qirg‘og‘i bo‘ylab cho‘zilgan loy-palaxsa qatlamlariga joylashib oladi. Loy imoratlarning chuqur kovaklari va ichki bo‘shliqlari gekkonlar uchun boshpana vazifasini o‘taydi. Bundan tashqari, ular hasharotlar inidan ham foydalanishadi.

Soni: Mazkur turning O‘zbekiston hududidagi umumiy soni bo‘yicha maʼlumotlar mavjud emas.

Yashash tarzi: Ular asosan tungi vaqtda faol bo‘lib, faollik avjiga chiqqan payt tungi soat 22– 23 larga to‘g‘ri keladi. Yoz va kuzda gekkonchalarni kunduzgi paytda ham o‘z boshpanasidan tashqarida, loy imoratlarning soya qismida uchratish mumkin.

Cheklovchi omillar: Sug‘orish tarmoqlarining eski loy inshootlari rekonstruksiyasi va boshqalar.

Ko‘paytirish: Maʼlumotlar mavjud emas.

Muhofaza choralari: Ko‘zdan yashirinadigan va tungi hayot kechiradigan mayda jonivorlar sonini muvofiq baholash usullarini ishlab chiqish, O‘zbekiston hududida tarqalishiga aniqlik kiritish, umumiy sonini hisobga olish va lokal populyatsiyalari ustidan uzoq muddatli monitoringni tashkil qilish lozim. Shuningdek, ushbu turni tutqunlikda ko‘paytirish uslubiyatini ishlab chiqish hamda hayvonot bog‘lari va parvarishxonalarda barqaror ko‘paytirish guruhlarini tashkil qilish zarur.

Manbalar: [7, 12, 15, 29, 39, 58, 61, 81, 87, 90]. R.A. Nazarov

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009