Alsophylax laevis Nikolsky, 1907
Maqomi: 2 (VU:D): Zaif, qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan, endemik tur. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [CR].
Tarqalishi: Markaziy Qizilqum. Ushbu tur Surxondaryo viloyati janubida faqat bir marta topilgani maʼlum. O‘zbekistondan tashqarida Turkmanistonning janubi-g‘arbida ajrab qolgan populyatsiyasi mavjud.
Yashash joylari: Qumli va tuproqli cho‘llar chegarasidagi siyrak o‘t-butali taqirlar.
Soni: 1970-yillarda lokal populyatsiyalarda har 1 gektar maydonda 0,3 dan (Oyoqog‘itma botig‘i) 1600 donagacha (Quljuqtov qoldiq tog‘lari) uchrar edi. Hozirda aksariyat yashash joylarida yo‘q bo‘lib ketgan, qolganlarida esa soni keskin kamayib ketgan.
Yashash tarzi: Mart–oktyabr oyida tunlari faol hayot kechiradi. Kunduzi tuproqdagi yoriqlarga, o‘z iniga yoki hasharotlar va boshqa kaltakesaklar uyalariga berkinadi, o‘sha yerda qishlaydi. Mart–aprel oyida juftlashadi. Mavsumda (may oyidan avgust oyigacha) 1–2 marta bir yoki ikkitadan tuxum qo‘yadi. Bolalari iyulda tuxumdan chiqadi va bir qishlovdan so‘ng jinsiy voyaga yetadi. Mayda hasharotlar va o‘rgimchaksimonlar bilan oziqlanadi.
Cheklovchi omillar: Xo‘jalik maqsadida qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, buning oqibati o‘laroq, ushbu tur soniga taʼsir qiluvchi gidrologik rejimning o‘zgarishi.
Ko‘paytirish: Ko‘paytirilmagan.
Muhofaza choralari: Ko‘zdan yashirinadigan va tungi hayot kechiradigan mayda jonivorlar sonini muvofiq baholash usullarini ishlab chiqish, umumiy sonini hisobga olish va lokal populyatsiyalari ustidan uzoq muddatli monitoringni tashkil qilish lozim. Shuningdek, ajrab qolgan populyatsiyalarning taksonomik maqomini aniqlash, ushbu turni tutqunlikda ko‘paytirish uslubiyatini ishlab chiqish hamda hayvonot bog‘lari va parvarishxonalarda barqaror ko‘paytirish guruhlarini tashkil qilish zarur.
Manbalar: [7, 10, 11, 12, 13, 15, 39, 41, 81, 87, 90]. Yu.A. Chikin, R.A. Nazarov
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009