← Qushlar
Jo‘rchi (kal jo‘rchi) Jo‘rchi (kal jo‘rchi) Jo‘rchi (kal jo‘rchi)
Qushlar
Yangi

Jo‘rchi (kal jo‘rchi)

Maqomi 2 (VU) — Zaif, kamayib borayotgan
VU — Vulnerable (IUCN xalqaro toifasi)

Egyptian Vulture

ssp. percnopterus

Maqomi: 2 (VU:D): Zaif, kamayib borayotgan, mozaik tarqalgan tur. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [EN].

Tarqalishi: Ko‘hitang, Bobotog‘, Hisor, Boysuntog‘, Chotqol, Qurama, Piskom, Turkiston tog‘lari, Zarafshon tog‘ining yonbag‘irlari, Qizilqum cho‘lining markaziy qismi, Nurota tog‘ tizmasi tarmoqlari, Ustyurt yassi tekisligi, Amudaryo qayirlari. O‘zbekistondan tashqarida: Janubiy Yevropa, Shimoliy Afrika, Arabiston yarimoroli, Janubi-g‘arbiy va Markaziy Osiyo. Kanar orollari va Hindistonda – boshqa kenja turlari.

Yashash joylari: Tyan-Shan va Pomir- Oloyning arid tizmalari atrofi va cho‘l pasttog‘lari. Uyalashda tarqalishining yuqori chegarasi dengiz sathidan 1300-1500 metrdan oshmaydi, uyalash yakunlangandan so‘ng uncha ko‘p bo‘lmagan miqdorda 2500-2700 metrgacha ko‘tariladi. Jo‘rchi in uchun joy tanlashida yemish qidirish mumkin bo‘lgan yaylovli ochiq joylar yoki qishloqlar yaqinligi muhim sanaladi.

Soni: 1990-2000 yillarda soni O‘zbekistonda 200 juft atrofida deya baholangan. Hozirgi vaqtda – 135-140 juft. Bundan Ko‘hitang va Bobotog‘da – 37 juft, Hisorda – 25 juft, Boysuntog‘da – 15 juft. Qolgan joylarda ancha kam: Chotqolda – 13 juft, Piskomda – 4 juft, Quramada – 1 juft, Turkiston tog‘ida – 6 juft, Zarafshon tog‘i yonbag‘irlarida – 2 juft, Qoratepa tog‘ida – 3 juft, Nurotada – 12 juft, Pistalitog‘da – 2 juft, Qizilqum cho‘lining markaziy qismi – 11 juft, Ustyurt yassi tekisligida – 2 juft, Amudaryo qayirlarida – 2 juft. 2000-2010 yillarda janubiy hududlarda soni taxminan 26 % ga qisqargan. Global populyatsiyasi taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 20-61 ming bo‘lgan ushbu noyob qush turi kamayib bormoqda.

Yashash tarzi: Uyalash uchun mart oyida uchib keladi. Qishlov uchun uchib ketishi sentyabroktyabr oyiga to‘g‘ri keladi. Qoya va jarliklarning o‘yiqlariga in quradi, ko‘pincha boshqa yirtqichlarning tashlandiq inlaridan foydalanadi. Aprel oyining ikkinchi yarmidan may oyining o‘rtasigacha 2 ta, baʼzan bitta tuxum qo‘yadi. Polaponlari 35-38 kun- da tuxumdan chiqadi. Hayotining 5-7 yillarida jinsiy voyaga yetadi. Asosiy yemishlari – bo‘g‘imoyoqlilar, sudralib yuruvchilar va mayda sutemizuvchilar (ko‘pincha o‘laksalari), chorvachilik chiqindilari va ozuqa chiqitlari. Yosh qushlarning sezilarsiz qismi mamlakatning janubiy hududlarida qishlash uchun qoladi.

Cheklovchi omillar: Mayda chorva mollari bosh sonining qisqarishi va chorvachilik usullarining takomillashuvi tufayli ozuqa resurslari kamayganligi; ko‘payish mavsumida taʼqib qilinishi va notinchligi. Veterinariya preparatlari (diklofenak) bilan zaharlanganligi ham ehtimol qilinadi.

Ko‘paytirish: Hayvonot bog‘larida ko‘paytiriladi.

Muhofaza choralari: Ovlash taqiqlangan. Chotqol, Nurota, Hisor va Surxon qo‘riqxonalarida, Ugom-Chotqol va Zomin milliy tabiat bog‘ida muhofaza ostiga olingan. SITESning II Ilovasiga kiritilgan. 2011 yilda O‘zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati tomonidan turni saqlab qolish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi tayyorlangan.

Manbalar: [2, 16, 23, 27, 29, 50, 57, 60, 61, 63, 73, 81-83, 85, 93, 127, 153, 192, 193, 200]. R.D. Kashkarov

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009