Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilinadi

03.05.2026 Manba: gazeta.uz
Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilinadi

Oʻzbekistonda Ugom daryosi va unga tutash hududlarga davlat gidrologik tabiat yodgorligi maqomi beriladi. Bu taklif 30-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda maʼqullandi. Ugom daryosi Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ining eng muhim ekologik hududlaridan biri. Bu yerda o‘nlab noyob o‘simlik va hayvon turlari, jumladan, Qizil kitobga kiritilganlari yashaydi. Daryo Chirchiq havzasini suv bilan taʼminlashda ham katta ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda daryoda suv kamaygan, uning sifatiga salbiy taʼsir qiluvchi omillar esa ko‘paygan. Bu qirg‘oqlar yemirilishi, o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetishi hamda biologik xilma-xillik qisqarishi xavfini oshirgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning aytishicha, yangi maqom daryoni to‘liq himoya qilish imkonini beradi. Qirg‘oqbo‘yi va suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy suv tizimiga taʼsir qiladigan qurilish va yer ishlari cheklanadi. U yerdagi obyektlar ro‘yxatga olinib, ekologik talablarga javob bermaydiganlari to‘xtatiladi yoki boshqa joyga ko‘chiriladi. Hukumat komissiyasi noqonuniy qurilmalarni olib tashlash, gidropostlar tashkil etish va baliqlar migratsiyasi masalalarini hal qiladi.

Shuningdek, “Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash” bosh rejasi ishlab chiqiladi. Qirg‘oqlarda yer degradatsiyasining oldini olish uchun daraxt va butalar ekish rejalashtirilgan. Bu choralar Toshkent viloyatidagi eng go‘zal tog‘ daryolaridan birini kelajak avlodlar uchun saqlab qolishga qaratilgan.

Manba: gazeta.uz

Orqaga