Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Toshkentni changli tuman qopladi: havo ifloslanishi keskin oshdi

23.09.2025 Manba: gazeta.uz
Toshkentni changli tuman qopladi: havo ifloslanishi keskin oshdi

22-sentabr, dushanba kuni Toshkentda havo ifloslanishi darajasi keskin oshdi. Shaharni changli tuman qopladi, kechga yaqin quyosh gardishi aniq ko‘rinib qoldi, aholi esa xonalardagi yuzalarda chang tez yig‘ilayotganini payqadi.

Oʻzgidromet maʼlumotiga ko‘ra, mayda zarrachalar — PM2.5 va PM10 miqdorining ortishi poytaxtda soat 15:00 dan qayd etila boshlagan. 21-sentabrda Xorazm, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida, 22-sentabrda esa boshqa hududlarda ham ko‘rsatkichlar oshgan. Uchtepa tumanidagi avtomatik stansiyada PM2.5 miqdori har kub metrda 142 mikrogrammga yetib, milliy meʼyor (35 mkg/m³) dan 4 baravar oshdi.

Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, iqlimshunos Erkin Abdulahatovning tushuntirishicha, 21-sentabrda havo +34…+35 °C gacha isigan, so‘ngra Kaspiy dengizi tomondan sovuq antisiklon kirib kelgan va kuchli g‘arbiy shamollar esgan. Natijada Sharqiy Qizilqum cho‘li, Arnasoy hududi va Janubiy Qozog‘istondan changli havo massalari Toshkent tomon harakatlangan.

Toshkent aeroportida changli tuman tufayli ko‘rinuvchanlik 5 kilometrgacha pasaydi. Hafta davomida shamolli ob-havo kutilgani sababli Oʻzgidromet turli hududlarda changli holat davom etishi mumkinligidan ogohlantirdi va aholini ifloslangan havodan himoyalanishga chaqirdi.

Bunday holatlar cho‘llanish va quruq yerlar muammosi bilan chambarchas bog‘liq. Daraxtlar va o‘simliklar tuproqni ushlab turib, changli bo‘ronlarni kamaytiradi — shuning uchun ko‘kalamzorlashtirish havo sifatini yaxshilashning muhim yo‘lidir.

Manba: gazeta.uz

Orqaga