Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Toshkent yana dunyoning eng ifloslangan havoli shaharlari reytingida birinchi o‘ringa chiqdi

28.01.2025 Manba: kun.uz
Toshkent yana dunyoning eng ifloslangan havoli shaharlari reytingida birinchi o‘ringa chiqdi

Havo sifatini kuzatuvchi IQAir xalqaro portali maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yil 28-yanvar kuni Toshkent dunyoning yirik shaharlari orasida havo ifloslanishi darajasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Poytaxt havosi inson salomatligi uchun o‘ta zararli deb baholandi.

Shu kuni soat 14:00 da shahar havosidagi PM2.5 mayda zarrachalari konsentratsiyasi har kub metrda 184 mikrogrammga yetdi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiya etgan yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 36,8 baravar ko‘p demakdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar Toshkent viloyati tomondan olingan videolarni tarqatishdi. Ularda poytaxt osmonini chang va qalin qora tutun qoplab olgani ko‘rinib turibdi.

PM2.5 — diametri 2,5 mikrometrdan kichik bo‘lgan zarrachalar. Ular shu qadar mayda-ki, nafas olganda o‘pkaning eng chuqur qismlarigacha, hatto qonga ham o‘tishi mumkin. Shuning uchun havo ifloslangan kunlarda ochiq havoda uzoq vaqt jismoniy mashg‘ulot qilmaslik, derazalarni kamroq ochish va imkon qadar niqob taqish tavsiya etiladi.

Qishda havo ifloslanishining kuchayishiga ko‘mir va boshqa yoqilg‘ilarning yoqilishi, avtomobillar chiqindilari hamda shamolsiz ob-havo sabab bo‘ladi. Har bir oila chiqindilarni yoqmaslik va jamoat transportidan ko‘proq foydalanish orqali bu muammoni kamaytirishga hissa qo‘shishi mumkin.

Manba: kun.uz

Orqaga