Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Oʻzbekistonda biologik xilma-xillikni asrash bo‘yicha 6,5 mln dollarlik ikki xalqaro loyiha boshlandi

21.01.2025 Manba: gazeta.uz
Oʻzbekistonda biologik xilma-xillikni asrash bo‘yicha 6,5 mln dollarlik ikki xalqaro loyiha boshlandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda ikkita yangi xalqaro loyihani taqdim etdi. Ularning umumiy qiymati 6,5 million dollar bo‘lib, mablag‘ Global ekologik fond (GEF) tomonidan ajratilgan. Loyihalar 2030-yilgacha amalga oshiriladi.

Birinchi loyiha Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha milliy strategiya va harakatlar rejasini yangilashga qaratilgan. Yangi hujjat Biologik xilma-xillik bo‘yicha global asosiy hujjatga moslashtiriladi va unda yangi milliy maqsadlar belgilanadi. Bu tabiatni muhofaza qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirishga yordam beradi.

Ikkinchi loyiha qimmatli landshaftlarni muhofaza qilish va tiklashni amalda boshlashga bag‘ishlangan. Unda ekotizimlarni tiklashning innovatsion usullari sinovdan o‘tkaziladi, biologik xilma-xillikni saqlashni moliyalashtirishning barqaror mexanizmlari ishlab chiqiladi. Tajriba hududlari sifatida Gʻarbiy Tyan-Shan, Nurota tog‘lari va Ko‘hitang tizmasi tanlangan.

Loyihaning muhim hamkori — Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bo‘lib, u 2024-yilda Toshkentda o‘zining mintaqaviy vakolatxonasini ochgan. Taqdimotda BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii hukumat, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlik Oʻzbekiston yoshlari uchun yanada yashil kelajak poydevorini yaratishini taʼkidladi.

Oʻquvchilar uchun eslatma: biologik xilma-xillik — bu Yer yuzidagi barcha tirik organizmlar, ularning turlari va ular yashaydigan ekotizimlarning rang-barangligidir. Bitta turning yo‘qolishi ham butun oziq zanjiriga taʼsir qilishi mumkin.

Manba: gazeta.uz

Orqaga