Ekologiya vazirligi o‘rniga Prezidentga bo‘ysunuvchi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Oʻzbekistonda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Yangi tuzilma Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi negizida tuziladi va Vazirlar Mahkamasi tarkibidan chiqariladi.
Qo‘mita o‘z faoliyatida bevosita Prezidentga hisobdor bo‘ladi. Uning raisi ayni vaqtda Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi. Bu lavozimga avval ekologiya vaziri bo‘lgan Aziz Abduhakimov tayinlandi.
Alohida qarorga ko‘ra, qo‘mita barcha davlat organlari va mansabdor shaxslardan mustaqil ishlaydi, uning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi. Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari va tuman bo‘limlari mahalliy hokimliklar tarkibiga kirmaydi va faqat qo‘mitaga bo‘ysunadi.
Oʻrmonlarni ko‘paytirish va yashil hududlarni kengaytirish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi yangi qo‘mita tarkibida faoliyatini davom ettiradi. Shuningdek, Atrof-muhitni monitoring qilish milliy markazi tashkil etildi.
Farmon bilan ekologiya politsiyasining vakolatlari ham kengaytirildi: endi u zarur hollarda jismoniy kuch va maxsus vositalarni qo‘llashi mumkin. Mutaxassislar bu o‘zgarishlar ekologik nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi, deb hisoblamoqda.
Manba: gazeta.uz
