Plocama botschantzevii (Lincz.) M. Backlund et Thulin
Maqomi: 1. Janubiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Yarimbutacha, qalin, oqish, bo‘g‘imli, shoxlari tuksiz. Barglari yassi, nashtarsimon, tuksiz, yupqa pardasimon yonbargchalari nov hosil qiladi. Gullari yirik gulyonbargchali, kosachasi bokalsimon, sal g‘adir-budir, uzunligi 4 mm, 3–4 ta kipriksimon tishchali. Gultoji oqishkulrang, uzunligi 7–9 mm, 5 bo‘lakli, dag‘al tukli. Mevasi silindrsimon, uzunligi 5–6 mm, qalin, dag‘al tukli. Qo‘shaloq mevalari bir-biriga mahkam o‘rnashgan.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Kelif-Sherobod tepaliklari (Oqtosh qishlog‘i atrofi)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Olajinsli past tog‘lardagi soz tuproqlarda o‘sadi.
Soni: 70 tupi borligi aniqlangan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Olajinsli maydonlarning qisqarishi va mollarning ko‘plab boqilishi tufayli qisqarib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [356, 367] F. O‘. Hasanov.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009