Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

2028-yilgacha sug‘oriladigan yerlarning 80 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi

05.02.2026 Manba: gazeta.uz
2028-yilgacha sug‘oriladigan yerlarning 80 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni kengaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Rejaga ko‘ra, 2028-yilgacha yana 930 ming gektar yerda tomchilatib, yomg‘irlatib va boshqa zamonaviy usullarda sug‘orish joriy qilinadi. Shunda bunday maydonlar 3,5 million gektarga, yaʼni sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu har yili 3,5 milliard kub metr suvni tejash, 300 ming gektar yerning suv taʼminotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurovning aytishicha, 2026-yil oxirigacha qishloq va suv xo‘jaligi loyihalariga xalqaro moliya institutlaridan 744 million dollar jalb qilinishi, uning qariyb 40 foizi suvni samarali boshqarishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Fermerlarni rag‘batlantirish tizimi ham o‘zgaradi. Suv bilan yaxshi taʼminlanmagan hududlarda suv tejovchi texnologiya o‘rnatganlarga subsidiya 1,25 baravar oshirilgan koeffitsiyent bilan hisoblanadi. Bank kreditisiz, o‘z mablag‘i hisobidan texnologiya o‘rnatayotganlarga subsidiyaning yarmi oldindan to‘lab beriladi. Endi boshoqli don ekinlarini tomchilatib sug‘orish uchun ham subsidiya ajratiladi.

Takliflarni tayyorlashda 600 ga yaqin fermer va klaster vakillari hamda 20 dan ortiq uskuna ishlab chiqaruvchilar bilan maslahatlashilgan. Maʼlum qilinishicha, shu vaqtgacha qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalar uchun 800 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Qurg‘oqchil mintaqada joylashgan Oʻzbekiston uchun har bir tomchi suvni tejash muhim ahamiyatga ega.

Manba: gazeta.uz

Orqaga