2028-yilgacha har bir viloyatda kamida 100 gektarlik botanika yoki dendrologiya bog‘i barpo etiladi
23-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga ekologiya sohasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor loyihalar taqdim etildi. Ulardan biri – “Yashil makon” doirasidagi botanika va dendrologiya bog‘lari konsepsiyasi. Botanika bog‘larida mahalliy va xorijiy o‘simliklar o‘rganiladi, saqlanadi va ko‘paytiriladi. Dendrologiya bog‘lari esa daraxt va butalarni yangi sharoitga moslashtirish va ilmiy asosda parvarishlashga ixtisoslashadi.
Hozir mamlakatda uchta botanika bog‘i bor. Loyiha doirasida yangi botanika bog‘lari hamda 16 ta dendrologiya bog‘i tashkil etiladi. 2028-yilgacha Qoraqalpog‘iston, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan bunday bog‘lar yaratilishi rejalashtirilgan. Har bir hudud uchun uning tuprog‘i va iqlimiga mos daraxtlar tanlanadi.
Loyihaning maqsadi katta: 2030-yilgacha mamlakatdagi yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizga yetkazish, havodagi PM2,5 va PM10 zarrachalarini 20–25 foizga kamaytirish hamda iqlimi og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5–2 darajaga pasaytirish.
Toshkentda 108 gektarlik Milliy dendrologiya bog‘i barpo etiladi. U yerga 50 ming tup daraxt va 100 ming tup buta ekiladi. Bog‘da “Dunyo daraxtlari” hududi, oltita iqlim mintaqasiga xos o‘simliklar kolleksiyasi, dorivor o‘simliklar bog‘i, oranjereya, velosiped yo‘laklari va markazida sakura bog‘i bilan o‘ralgan 1 gektarlik sunʼiy ko‘l bo‘ladi. Quyosh panellari va tomchilatib sug‘orish tizimi ham qo‘llaniladi. Bog‘ Green University uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun esa ekotaʼlim markaziga aylanishi kutilmoqda.
Manba: gazeta.uz
