Qum va chang bo‘ronlari 330 million kishiga taʼsir qiladi: Jahon meteorologiya tashkiloti byulleteni

Qum va chang bo‘ronlari 330 million kishiga taʼsir qiladi: Jahon meteorologiya tashkiloti byulleteni

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) 2025-yil 10-iyulda havodagi chang haqidagi yillik byulletenini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, qum va chang bo‘ronlari 150 dan ortiq mamlakatda taxminan 330 million kishining hayotiga taʼsir qiladi.

Changning manbalari

  • Har yili atmosferaga 2 milliard tonnaga yaqin qum va chang ko‘tariladi. Bu og‘irligi bo‘yicha Gizadagi 307 ta Buyuk piramidaga teng.
  • Changning 80 foizdan ortig‘i Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq cho‘llaridan chiqadi.
  • Shamol changni yuzlab va minglab kilometrga, qitʼalar va okeanlar osha olib ketadi.

Bu jarayonning katta qismi tabiiy. Lekin JMT taʼkidlashicha, suv va yerdan noto‘g‘ri foydalanish, qurg‘oqchilik va tabiatning yemirilishi tobora ko‘proq sabab bo‘lmoqda.

Sog‘liq va xo‘jalikka taʼsiri

JMT va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ishlab chiqqan yangi ko‘rsatkichga ko‘ra, 2018–2022-yillarda 3,8 milliard kishi, yaʼni dunyo aholisining deyarli yarmi JSST xavfsiz deb belgilagan darajadan ko‘p changli havoda yashagan. 2003–2007-yillarda bunday odamlar 2,9 milliard edi, o‘sish 31 foizni tashkil etadi.

JMT bosh kotibi Seleste Saulo aytishicha, qum va chang bo‘ronlari “faqat kir derazalar va xira osmon degani emas”. Ular sog‘liqqa zarar yetkazadi, transport, qishloq xo‘jaligi va quyosh elektr stansiyalari ishiga xalaqit beradi.

2024-yilgi bo‘ronlardan biri

2024-yil mart oyi oxirida Mo‘g‘uliston ustidagi kuchli siklon shamoli changni Xitoy shimoliga olib keldi. Pekinda havodagi chang zarralari (PM10) miqdori bir kub metrda 1 000 mikrogrammdan oshdi, ko‘rish masofasi 1 kilometrgacha qisqardi. JMT maʼlumotiga ko‘ra, bunda Mo‘g‘ulistonda bahor issiq va qurg‘oqchil kelib, o‘simlik qoplami siyrak bo‘lgani katta rol o‘ynagan.

Ogohlantirish tizimi

JMT 2007-yildan beri qum va chang bo‘ronlarini prognoz qilish va ogohlantirish tizimini yuritadi. Uning hududiy markazlari Jidda, Barselona, Pekin va Brijtaunda joylashgan. BMT Bosh Assambleyasi 12-iyulni Qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashish xalqaro kuni, 2025–2034-yillarni esa shu bo‘ronlarga qarshi kurashish o‘n yilligi deb eʼlon qilgan.

Saytimizda shu mavzuda: Orol dengizining qurigan tubiga saksovul ekish va shahar havosi haqida maqola.

Manba“WMO highlights hotspots, health hazards and economic cost of sand and dust storms”, Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO, ingliz tilida), 2025-yil 10-iyul.

RasmEcoEdu uchun tayyorlangan illyustratsiya.