← Ziradoshlar
Tojik kovragi
Ziradoshlar
Yangi

Tojik kovragi

Maqomi 3 — Kamyob

Ferula tadshikorum Pimenov

Maqomi: 3. Pomir-Oloy tizmasidagi son jihatdan qisqarib borayotgan, areali bo‘lingan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik monokarp o‘simlik bo‘lib, bo‘yi 1,5–1,8 m, sarimsoqqa xos kuchli hidga ega. Ildizi yo‘g‘on, vertikal ildizpoyali. Oddiy kaudeksli. Poyasi yakka, barglari yumshoq, nozik, tezda so‘lib qoladi, yuqori qismi deyarli tuksiz. To‘pguli – keng, shingilli. Soyabonlari ko‘p, barchasi meva tugadi. Soyabonchalari 10–15 gulli, o‘rama bargchasiz. Gulbandlari qisqa, 0,5–0,8 sm. Kosachabarglarining tishchalari mayda, uch qirrali. Gultojibarglari sariq, 2–2,5 sm uzunlikda, cho‘zinchoq-ellipssimon. Mevasi 1,9–2,7 sm uzunlikda, eni esa 0,9–1,2 sm, teskari tuxumsimon, cho‘zinchoq-tuxumsimon, ovalsimon yoki ellipssimon, orqa tomondan siqilgan, yassi, tuksiz. Aprel-may oylarida gullab, iyun-iyul oylarida mevalaydi.

Tarqalishi: Janubiy Tojikiston, O‘rta Osiyo (Janubi-G‘arbiy Pomir-Oloy), Janubiy O‘zbekiston endemigi (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari).

O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki va o‘rta qismidagi yonbag‘irlarda va qoyalarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka yoki kichik-kichik populyatsiyalarni tashkil qilgan holda o‘sadi. Umumiy soni aniqlanmagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: So‘nggi 20 yil mobaynida tabiatdan foydalanuvchilar tomonidan o‘simlik shirasining rejasiz va nazoratsiz yig‘ib olinishi natijasida tabiiy zaxiralari va populyatsiyalarining o‘sish maydonlari keskin qisqarishi kuzatilmoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika instituti mutaxassislari tomonidan xo‘jalik shartnomalari asosida Bobotog‘ o‘rmon xo‘jaligi hududlarida sunʼiy plantatsiyalari tashkil etilgan.

Muhofaza choralari: Tabiatda mavjud populyatsiyalari qatʼiy nazoratga olinishi kerak. Mazkur populyatsiyalardan o‘simlik sunʼiy plantatsiyalarini tashkil qilishda foydalanish lozim. Manbalar [1, 2]. A.V. Mahmudov

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009