Prionyx nigropectinatus (Taschenberg, 1869)
Maqomi: 2 (VU:R): Zaif, tabiatan kamyob, lokal tarqalgan janubi-g‘arbiy Palearktika turi.
Tarqalishi: Qizilqum cho‘li. O‘z be kistondan tashqarida: Shimoliy Afrika, Osiyoning g‘arbiy qismi, Markaziy Osiyoning qumli cho‘llari.
Yashash joylari: Cho‘llarning qumli hududlari.
Soni: Hamma joyda kam. Yakka nusxalari uchraydi.
Yashash tarzi: Yiliga bir marta nasl beradi. Ilk uchishi va tuxum qo‘yishi iyun–avgust oylarida, turli o‘simliklarning gullarida, asosan, murakkabguldoshlarda (Asteraceae) oziqlanadi. Urg‘ochilari chigirtkasimonlarni (Acridoidea) ovlaydi, ularni jonsizlantirib yerda kovlangan iniga joylashtiradi, so‘ng ulardan biriga tuxumini qo‘yadi.
Cheklovchi omillar: Xo‘jalik maqsadlarida cho‘l-qo‘riqlarning o‘zlashtirilishi, xususan, haydash, chorvachilikda yaylovdan haddan tashqari ko‘p foydalanish.
Ko‘paytirish: Ko‘paytirilmagan.
Muhofaza choralari: Yashash joylari va sonini mukammal o‘rganish, yashash joylarida muhofazasini tashkillashtirish lozim.
Manbalar: [9, 29, 32, 33, 111, 123, 138]. D.B. Daminova
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009