Steppe Tortoise
Maqomi: 2 (VU): Zaif, kamayib borayotgan O‘rta Osiyo endemik turi. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [VU].
Tarqalishi: Mamlakatimiz hududining barcha tekislik qismlarida tarqalgan (qo‘zg‘aluvchan qumlardan tashqari). O‘zbe kistondan tashqarida: Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikiston, Eron, Afg‘oniston, Shimoli-g‘arbiy Xitoy va Shimoliy Pokiston.
Yashash joylari: Mustahkamlashgan qumlar, sertuproq cho‘llar. Tog‘da dengiz sathidan 1300 metr balandlikkacha ko‘tariladi. Baʼzan vodiydagi siyrak maysali dashtlar va qishloq xo‘jaligi yerlari (shudgor, poliz va dalalar)ga kiradi.
Soni: Arealining salmoqli qismida soni gektariga 1,5 tadan oshmaydi; qoldiq tog‘larning yonbag‘irlaridagi lokal tekisliklarida – gektariga o‘rtacha 11,7 ta; tog‘oldi shag‘alliqumoq tekisliklarda – gektariga o‘rtacha 7,63 ta. Arealining qolgan qismida ushbu tur toshbaqalar kam sonli. Soni gektariga 45,9-67,3 gacha bo‘lgan kichik lokal hududlar ham maʼlum.
Yashash tarzi: Kunduz paytlari faol hayot kechiradi. Iyun oyida yozgi uyquga ketadi, keyinchalik u qishki uyquga ulanib ketadi. Uzunligi 1-2 metr bo‘lgan in qaziydi. Mart oyida uyg‘onadi va bir necha kundan so‘ng juftlashadi. Aprel oyidan iyun oyigacha 2-3 marta 2-6 tadan tuxum qo‘yadi. 80–110 kundan so‘ng tuxumdan yorib chiqqan toshbaqachalar qishlash uchun tuproq ostida qoladi. Faqatgina keyingi yilning bahorida yer yuzasiga chiqadi. Hayotining o‘ninchi yilida jinsiy voyaga yetadi. Efemer o‘simliklar, ko‘p yillik o‘t va butalar bilan oziqlanadi.
Cheklovchi omillar: Ikkinchi Jahon urushi davrida O‘rta Osiyo toshbaqasi go‘shtidan ko‘p miqdorda konservalar tayyorlashda foydalanilgan. Antropogen omillar: yashash joylari o‘zgarishi va yo‘q qilinishi (yaylovlardan chorvachilik maqsadida uzoq yillardan beri haddan tashqari ko‘p foydalanish oqibatida), qo‘riq yerlar o‘zlashtirilishi, tijorat (eksport) maqsadida toshbaqalarni ovlash va tuxumlarini terish, jumladan, brakonyerlik. Tabiiy yashash joylarining o‘zlashtirilishi.
Ko‘paytirish: Xususiy parvarishxonalarda muvaffaqiyatli ko‘paytirish mumkin.
Muhofaza choralari: Qizilqum, Surxon, Nurota davlat qo‘riqxonalarida va Bu- xoro ixtisoslashgan “Jayron” pitomnigida muhofaza ostiga olingan. Turning yashash joylarida muhofazasini kuchaytirish, bahorgi davrda chorva mollari o‘tlatilishi nazorat ostiga olinishi lozim. Shuningdek, Navoiy viloyatida toshbaqalar populyatsiyasini saqlab qolish maqsadida buyurtmaxona tashkil etish, toshbaqalarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi mavjud buyurtmaxonalardan olingan toshbaqalarni ular kamayib ketgan joylarda introduksiya qilish maqsadga muvofiq. SITESning II Ilovasiga kiritilgan.
Manbalar: [7, 9, 12, 13, 14, 20, 21, 24, 27, 33, 36, 37, 38, 47, 71, 77, 90, 93]. E.V. Vashetko
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009