Turtle Dove
ssp. arenicola Hartert, 1894 (1),
Maqomi: 2 (VU:D): Zaif, kamayib borayotgan, uchib o‘tuvchi-uyalovchi Osiyo (1) va uchib o‘tuvchi (2) kenja turlar. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [VU].
Tarqalishi: G‘arbiy Tyan-Shan va G‘arbiy Pomir-Oloyning pasttog‘lari, Sirdaryo, Amudaryo, Zarafshon va Qashqadaryo daryosi vodiylari, Sherabod, Surxondaryo (uyalash); tekislik va tog‘oldi hududlar, jumladan, cho‘l va dashtlar (uchib o‘tish, ko‘chish). O‘zbekistondan tashqarida: Yevropa, G‘arbiy Sibir janubi, Old va O‘rta Osiyo, Afrika shimoli (uyalash), Senegaldan sharq tomon Sudangacha (qishlash).
Yashash joylari: Vodiy va tekisliklardagi past tog‘ to‘qayzorlari, dehqonchilik uchun o‘zlashtirilgan hududlar, aholi yashash punktlari (uyalash); donli ekin maydonlari (ko‘chish). Tog‘da d.s.b. 1800 metrgacha ko‘tariladi. Daraxt-buta o‘simliklarda, donli ekin maydonlarida yashaydi.
Soni: O‘tmishda ko‘p bo‘lgan, bir necha yuz mingtagacha uyalagan. O‘tgan asrning 80-yil- larida Qizilqum cho‘lidagi Tomdi vohasida soni har 10 gektarga 4,3 tadan to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich Zarafshon vohasida 9,6-18 ta, Buxoro chegarasida – 12 ta bo‘lgan. Keyingi 30 yilda soni keskin kamaygan. Qarshi shahrida oxirgi 25 yilda kunduzgi hisob bo‘yicha 128 tadan 4 tagacha kamaygan. Toshkentda 2015 yili faqat bir juft borligi aniqlangan. 2015 yil bahor va yozda Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Buxoro viloyatida kuzatishlar olib borilganda, ushbu turga mansub qush bitta ham uchramagan. Rossiya va Qozog‘istonda ham ularning soni 80-90 % gacha kamayib ketgan bo‘lsa, Yevropada oxirgi 16 yil ichida 30-49 % ga kamaygani maʼlum.
Yashash tarzi: Bahorgi uchib o‘tishi aprel oyining oxiri va may oyiga to‘g‘ri keladi. Alohida juft hosil qilgan holda daraxtlarga in quradi. May-iyul oylarida 2 ta, baʼzan uchta tuxum qo‘yadi. Polaponlari 14-15 kunda tuxumdan chiqib, iyul-avgust oyida ucha boshlaydi. Ko‘chishi – avgust-sentyabr oylarida. Kuzgi uchib o‘tishi – avgust-oktyabr oyida. Yerda yovvoyi o‘tlar va boshoqli o‘simliklar urug‘lari, shuningdek, mayda umurtqasizlar bilan oziqlanadi.
Cheklovchi omillar: Uyalash va yemish joylarining yo‘qolishi, uchib o‘tish yo‘llarida ovlash ko‘pligi.
Ko‘paytirish: Ko‘paytirilmagan.
Muhofaza choralari: Ovlash taqiqlangan. Qo‘riqxonalarda va milliy tabiat bog‘larida muhofaza ostiga olingan. Bonn konvensiyasining I Ilovasiga kiritilgan.
Manbalar: [116, 175, 191, 192, 200, 222]. Ye.N. Lanovenko
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009