Prionyx haberhaueri Radoszkowski, 1872
Maqomi: 2 (VU:R): Zaif, tabiatan kamyob, mozaik tarqalgan Eron-Turon turi.
Tarqalishi: G‘arbiy Tyan-Shan, G‘arbiy Pomir-Oloy, Nurota tog‘lari. O‘zbekistondan tashqarida: Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Eron, Afg‘oniston, Turkiya, Isroil, Kavkazorti.
Yashash joylari: Past tog‘larning shag‘alli va tuproqli hududlari.
Soni: Hamma joyda kam. Yakka nusxalari uchraydi.
Yashash tarzi: Yiliga bir marta nasl beradi. Ilk uchishi va tuxum qo‘yishi iyun-avgust oylarida; turli o‘simliklarning gullarida, asosan, murakkabguldoshlarda (Asteraceae) oziqlanadi. Urg‘ochilari chigirtkasimonlarni (Acridoidea) ovlaydi, ularni falajlab, yerda kovlangan iniga joylashtiradi, so‘ng ulardan biriga tuxum qo‘yadi.
Cheklovchi omillar: Xo‘jalik maqsadlarida cho‘l zonasidagi qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi, xususan, yerni shudgorlash, chorvachilikda yaylovdan haddan tashqari ko‘p foydalanish.
Ko‘paytirish: Ko‘paytirilmagan.
Muhofaza choralari: Nurota qo‘riqxonasida muhofaza ostiga olingan. Yashash joylari, hayot tarzi va sonini mukammal o‘rganish lozim.
Manbalar: [31, 36, 122, 123, 136]. D.B. Daminova
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009