Bilasizmi, Yer yuzida qancha chumoli yashaydi?
2022-yilda olimlar dunyoning turli qitʼalarida o‘tkazilgan 489 ta tadqiqot maʼlumotlarini umumlashtirib, Yerdagi chumolilar sonini hisoblab chiqishdi. Natija PNAS ilmiy jurnalida eʼlon qilindi: sayyoramizda kamida 20 kvadrillion (20 000 000 000 000 000) chumoli yashaydi.
Bu mitti hasharotlarning umumiy massasi yovvoyi qushlar va yovvoyi sut emizuvchilar massasini qo‘shib hisoblaganda ham undan ko‘p ekan.
Chumolilar tabiatga nima beradi?
- Tuproqda yo‘llar qazib, uni yumshatadi va havo bilan taʼminlaydi.
- Oʻsimliklarning urug‘larini tashib, ularning tarqalishiga yordam beradi.
- Oʻlik hasharotlar va organik qoldiqlarni parchalab, tabiatni «tozalaydi».
- Ko‘plab qushlar, kaltakesaklar va boshqa hayvonlar uchun oziq bo‘ladi.
Shunday ekan, chumoli uyasini ko‘rganda uni buzmasdan, bu kichik «muhandislar» ishini kuzatib turgan maʼqul.