← Ro‘yandoshlar
Silliq ro‘yan
Ro‘yandoshlar
Yangi

Silliq ro‘yan

Maqomi 3 — Kamyob

Rubia laevissima Tscherneva

Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Tyan-Shanga xos juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 1 m ga yetadigan yarim buta. Poyasi silliq, yumaloq, baʼzan to‘rt qirrali, och kulrang. Barglari qisqa bandli, tuksiz, poyada 6 tadan halqa hosil qilib o‘rnashgan. Guli yashilsariq, barg qo‘ltig‘ida yarim soyabon shaklida o‘rnashgan. Mevasi qora, yaltiroq, uzunligi 0,5 mm. May–iyun oyida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent viloyati: Chotqol daryosi havzasida tarqalgan. Qirg‘izistonda ham uchraydi (Beshorol qo‘riqxonasi).

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1000–1100 m balandlikdagi yirik toshli surilmalarda o‘sadi.

Soni: Juda kam saqlanib qolgan. Hozircha 12 joyda o‘sishi aniqlangan, umumiy soni 800 ga yaqin tupni tashkil qiladi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan. Ehtimol, toshlarning surilishi va ko‘chkilar tufayli kamayib ketgan bo‘lsa kerak.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stirilganda ijobiy natijaga erishilmagan.

Muhofaza choralari: Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida saqlanadi. Tabiiy holda tarqalgan tuplarini saqlash va ekib o‘stirish ishlarini yo‘lga qo‘yish kerak. Manbalar. [159, 323].

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009