← Ro‘yandoshlar
Alshaxboz plokamasi
Ro‘yandoshlar
Yangi

Alshaxboz plokamasi

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Plocama alshehbazii F.O. Khass. et al.

Maqomi: 1. Janubiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–45 sm li yarim buta. Ildizi qo‘ng‘ir rangli. Poyasi silliq, to‘q yashil. Barglari silliq, uzunligi 2–4 sm, eni 1–1,5 mm, novdada qarama-qarshi joylashgan, yonbargchasiz. To‘pguli monoxazialli, guli gulbandsiz. Gulyonbargi yashil, silliq, uzunligi 5–6 mm, eni 0,5 mm. Kosachasi qoramtir, uzunligi 2,5–3 mm, 5 ta birbiriga teng bo‘lmagan tishchali. Gulqo‘rg‘onining uzunligi 25–30 mm, u dastlab sarg‘ish, keyinchalik pushti rangli, tuksiz 5 qismli. Changchisi 5 ta, tumshuqchasi bilan birga bo‘rtib chiqqan. Tugunchasi silliq. Merikarpiysi silliq, jigarrang, uzunligi 4–5 mm, eni 1,5 mm. Iyulda gullab, sentyabrda mevalaydi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Kelif-Sherobod tepaliklari (Boysun atrofida tarqalgan).

O‘sish sharoiti: Olajinsli qoldiq tog‘lardagi soz tuproqlarda o‘sadi.

Soni: 100 tup o‘simlik borligi aniqlangan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Olajinsli maydonlarning qisqarishi va mollarning ko‘plab boqilishi tufayli qisqarib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [356, 367]. U. Xo‘janazarov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009