← Baliqlar
Turkiston ko‘kbo‘yini (ko‘kturta)
Baliqlar

Turkiston ko‘kbo‘yini (ko‘kturta)

Leuciscus idus
Maqomi 4 (DD) — Kam o‘rganilgan
Leuciscus idus (Linnaeus, 1758)
ssp. oxianus (Kessler, 1877)
Maqomi. 4(DD): Maqomi jihatidan noaniq Orol endemik kenja turi.
Tarqalishi. Amudaryoning quyi qismidagi suv havzalari; oʼtmishda Orolning chuchuklashgan qismlarida ham boʼlgan. 
Oʼzbekistondan tashqarida: Qozogʼiston, Turkmaniston. Oʼrta va Sharqiy Yevropada, Sibirda - boshqa kenja turi.
Yashash joylari. Uncha katta boʼlmagan koʼllarda, kamdankam hollarda daryolarda yashaydi.
Soni. Ayrim joylarda va kam miqdorda uchraydi. Sonining ahyonda keskin oʼzgargan davrlari maʼlum; hozirgi kundagi holati nomaʼlum.
Yashash tarzi. Chuchuk suvlarda turgʼun hayot kechiruvchi baliq. 3-4 yoshda jinsiy voyaga yetadi. Urchishi - mart-aprelda. Serpushtliligi - 30-80 ming uvildiriq atrofida. Suv hasharotlarining lichinkalari, suv oʼtlari va mayda baliqlar bilan ovqatlanadi.
Cheklovchi omillar. Suv havzalari tabiiy suv rejimining oʼzgarishi va suvining ifloslanishi; Orol dengizi sathining pasayishi va suvining shoʼrlanishi; kelgindi baliqlar raqobati.
Koʼpaytirish. Koʼpaytirilmagan.
Muhofaza choralari. Sonini mukammal oʼrganish, kenja turning yashash joylarida muhofazasini tashkillashtirish lozim.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009