Felis margarita (Loche, 1858)
ssp. thinobia (Ognev, 1926)
Maqomi: 3 (NT): Zaifga yaqin, mozaik tarqalgan kenja tur.
Tarqalishi: Qizilqum cho‘lining qumli massivlari (Yomonqum, Oqbaytal, Taspen va boshqalar), Sandiqli, Kemmirekqum va Kattaqum. Ustyurtda qumloq joylarda uchraydi. O‘zbekistonda tur arealining shimoliy qismi joylashgan. O‘zbekistondan tashqarida: Qozog‘iston, Turkmaniston. Afrika, Ummon, Eron, Yaqin Sharq (Iroq, Iordaniya, Suriya), Janubi-g‘arbiy Osiyo (Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari) va Saudiya Arabistonida – boshqa kenja turlari.
Yashash joylari: Yarim mustahkamlashgan, mustahkamlashgan past-baland qumlar.
Soni: XX asrning 60-yillarigacha ko‘p bo‘lgan, keyin esa soni keskin kamayib ketgan. 1980-yillarda sanoqli darajada uchragani qayd qilinadi: Qizilqum cho‘lining markaziy va shimoliy qismi – 1980–1990 yillardagi hisobotlarda muntazam; Dengizko‘l yassi tekisligi – 1985 va 1989 yillarda; 2010 yildan 2016 yilgacha Buxoro viloyatida olti marta uchragan. Ko‘zdan yashirin hayot kechirishi va maʼlumotlar yetishmasligi tufayli ayni paytdagi soni va uning o‘zgarish tendensiyalarini aniqlash qiyin.
Yashash tarzi: Yoz payti tunda, yilning qolgan vaqtlarida kunduzi ham faol hayot kechiradi. Bolalari yosh bo‘lgan davrni istisno qilgan holda, hayotining ko‘p qismini yolg‘iz o‘tkazadi. Qum mushuklarida bo‘g‘ozlik davri 60 kun atrofida davom etadi. Mushukchalar (2-5 ta) aprel-may oylarida dunyoga keladi. Asosiy ozuqa obʼyektlari – cho‘l kemiruvchilari (qumsichqonlar, qo‘shoyoqlar, ahyon-ahyonda – quyon. Xo‘jasavdogar, to‘rg‘ay kabi turli mayda va o‘rtacha qushlarni, har xil sudralib yuruv- chilar va umurtqasizlarni ov qiladi. 13 yilgacha yashashi mumkin.
Cheklovchi omillar: Cho‘l hududlarining o‘zlashtirilishi, odam tomonidan taʼqib qilinishi. Seryog‘in va o‘ta sovuq qish mavsumida ozuqa yetishmasligi tufayli ommaviy halok bo‘lishi. Kemiruvchilarning tabiiy kamayib ketganligi.
Ko‘paytirish: Dunyodagi bir qator hayvonot bog‘larida ko‘paytiriladi.
Muhofaza choralari: Qizilqum qo‘riqxonasida, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurt ma qo‘riqxonasida muhofaza ostiga olingan. Qum mushugi uchun ahamiyatli yashash muhitlarini aniqlash bo‘yicha izchil tadqiqotlarni amalga oshirish, ularning muhofazasini tashkil qilish zarur. Shuningdek, mahalliy aholining atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasidagi bilimini boyitish ham foydadan holi emas. SITESning II Ilovasiga kiritilgan.
Manbalar: [5, 13, 25, 34, 39, 41, 54, 56, 73, 77, 82, 107, 164, 165, 169, 175].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009