Steppe or Asiatic Polecat Mustela eversmanni Lesson, 1827
ssp. talassica Ognev, 1928
Maqomi: 2 (VU:D): Zaif, qisqarib borayotgan, mozaik tarqalgan tur.
Tarqalishi: Ustyurt, Qizilqum sahrosi, Mirzacho‘l va Qarshi cho‘li, Zarafshon daryosi vodiysi, Amudaryo va Sirdaryo, Buxoro va Samarqand vohasi, Tyan-Shan yonbag‘irlari va qisman Pomir-Oloy. Areali uzilib qolgan. O‘zbekistondan tashqarida: O‘rta Osiyo, Janubiy Sibir, Mo‘g‘uliston, Shimoliy Xitoy va Yevropa.
Yashash joylari: Tuproqli cho‘llar, adirlar va tog‘ yonbag‘irlari. Baʼzan qumli cho‘llarda ham uchratish mumkin. Barcha yashash joylari atrofida ko‘pincha sariq yumronqoziq makonlari bo‘ladi.
Soni: Tekisliklarda tabiatan kam sonli, tog‘ yonbag‘irlaridagi yashash joylarida juda kamyob. Hozirgi vaqtda tarixiy arealining 60 % dan ortig‘i qishloq xo‘jaligi maqsadida o‘zlashtirib bo‘lingan, tur faqatgina o‘zlashtirilmagan tuproqli cho‘l va tog‘ yonbag‘irlarida saqlanib qolgan. Uzoq muddatli istiqbolda tur soni ko‘p jihatdan ozuqa bazasi – kemiruvchilar soniga bog‘liq.
Yashash tarzi: Asosan oqshom va tunlari faol hayot kechiradi, yilning issiq mavsumlarida kunduzi ham faollashadi. Kemiruvchilar iniga joylashib oladi. Fevral oyining oxiri va mart oyining boshida juftlashadi. 1,5 oy davom etadigan bo‘g‘ozlik davridan so‘ng, 6-10 ta bola tug‘adi. Bolalari sentyabr oyidan mustaqil hayot kechira boshlaydi. 10 oylik paytida jinsiy voyaga yetadi. Asosan sariq yumronqoziq bilan oziqlanadi.
Cheklovchi omillar: Qo‘riq yerlarning jadal o‘zlashtirilishi, yashash joylari o‘zgarishi va tanazzuli.
Ko‘paytirish: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Mavjud yashash joylarini saqlash va holatini nazorat qilish, ovlashni butunlay taqiqlash.
Manbalar: [56, 57, 62, 63, 100, 103, 105, 134]. Yu.O. Mitropolskaya, R.D. Kashkarov
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009