← Kovuldoshlar
Rozanov kovuli
Kovuldoshlar
Yangi

Rozanov kovuli

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Capparis rosanowiana B. Fedtsch.

Maqomi: 1. Janubiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 1 m ga yetadigan serpoya va sertikan ko‘p yillik o‘t. Poyasi yer bag‘irlab o‘sadi. Barglari cho‘ziq, nashtarsimon. Gullari barg qo‘ltig‘ida bittadan o‘rnashgan, to‘g‘ri, sariq rangli, ko‘p changchili. Mevasi ko‘sakday, nashtarsimon, uzunligi 30 sm ga yetadi, qo‘ng‘ir rangli, ko‘ndalang tomirli. May-iyun oylarida gullab, mevasi iyul-avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: faqat Bobotog‘da o‘sadi. Asosan, Janubiy Tojikistonda tarqalgan. Mavjud gerbariylarga qaraganda, bu tur ilgari Oqtog‘ va Xo‘jaqoziyonda ham o‘sgan.

O‘sish sharoiti: Ochilib qolgan ola jinslarda, baʼzan ohaktoshlarda va nuragan qum toshlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda onda-sonda yakka-yakka holda uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Bu turning kamayishiga u o‘sadigan yerlarning har xil maqsadlar uchun o‘zlashtirilishi sabab bo‘lmoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida ekib o‘stirish uchun qilingan harakat natija bermagan.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [159, 262]. T. T. Rahimova.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009