← Sigirquyruqdoshlar
Buxoro spirostegiyasi
Sigirquyruqdoshlar
Yangi

Buxoro spirostegiyasi

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Spirostegia bucharica (B. Fedtsch.) Ivanina

Maqomi: 2. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 20–60 sm oralig‘idagi pahmoq tuklar bilan qoplangan ikki yillik o‘t. Poyalari 1–4 ta, oddiy, baʼzan shoxlangan. Barglari tuxumsimon-cho‘ziq, ketma-ket joylashgan, chetlari ayrisimon tishli. Gullari yakka-yakka, poyaning yuqori qismidagi barglarining qo‘ltig‘ida joylashgan. Kosachasi naysimon-qo‘ng‘iroqsimon, uzunligi 12–15 mm, uchburchak nashtarsimon tishli. Gultoji sap-sariq, voronkasimon, uzunligi 25–45 mm. Ko‘sak mevasi cho‘ziq tuxumsimon, uzunligi 15 mm. Urug‘i mayda. Iyul–avgust oylarida gullab, mevasi sentyabr–oktyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari: G‘uzor, Dehqonobod, Qizilcha, Oqrabod, Sho‘rob, Oqtosh, Qorail, Charqauq va Ozod qishloqlari atrofida tarqalgan. Turkmanistonda (Ko‘hitang) ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Gipsli ohaktoshlarda, ohakgillarda, gipsli qoyalarda, baʼzan mayda jinsli tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Tuplarining umumiy soni 15 mingdan oshmaydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Yerlarning qishloq xo‘jaligi uchun o‘zlashtirilganligi va chorva mollarining uzluksiz boqilishi o‘simlikning kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida o‘stirish ustida olib borilgan ko‘p yillik tajribalar natijasiz tugadi.

Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Manbalar. [101, 156–159, 310]. F. O‘. Hasanov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009