← Sutemizuvchilar
Tyan–Shan tog‘ qo‘yi
Sutemizuvchilar
Yangi

Tyan–Shan tog‘ qo‘yi

Ovis ammon
Maqomi 4 (DD) — Kam o‘rganilgan
DD — Data Deficient (IUCN xalqaro toifasi)

Ovis ammon (Linnaeus, 1758)

ssp. karelini Severtzov (1873)

Maqomi: 4 (DD): O‘ta kamyob, kam o‘rganilgan kenja tur. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [NT].

Tarqalishi: O‘tgan asrning o‘rtalarigacha Qorjontov tog‘ida uchratish tabiiy hol bo‘lgan. 1979–1999 yillarda esa Ugom bo‘ylab butun Piskom suv havzasida, Maydontol tog‘ida va Novalisoydan to Shovursoygacha bo‘lgan Olatog‘da (Talas vodiysi) kamdan-kam hollarda uchragan. O‘zbekistondan tashqarida: Qozog‘iston va Qirg‘iziston.

Yashash joylari: Qish paytida tog‘ning ancha past, qori kam tekis qiyaliklarini o‘ziga makon qiladi. Yoz mavsumida urg‘ochisi va yosh bolalari ko‘pincha baland va tik qoyalarda, shuningdek, tog‘ kamarlarining yuqori qismida hayot kechiradi. Erkaklari esa nishab qoyalarda oziqlanadi.

Soni: 1980 yildan 2000 yilgacha bo‘lgan davrda Novalisoyda 14 ta, Qoraqizsoy va Onao‘lgansoyda 5 ta, Shovursoy vodiysida 6 ta, Teparsoy yuqorisida 2 ta arxardan iborat poda qayd qilingan. Bu holatlar Qozog‘iston hududidan mavsumiy yoki ozuqa izlab ko‘chishi sifatida baholanib, u yerda ham tog‘ qo‘ylari soni kamayib bormoqda.

Yashash tarzi: Ertalabki va oqshomgi paytlarda ancha faol hayot kechiradi. Havo aynigan paytlarda qoyalar ostiga yashirinadi. Qishda esa qoyalarning kun tushadigan ochiq joylarida o‘tlaydi. Bahor va yozda boshoqli va dukkakli o‘simliklar bilan oziqlansa, qishda ularning o‘rnini butalarning mevalari va novdalari egallaydi. Kuyikish davri noyabrda kechsa, aprel oyiga kelib qo‘zilaydi (bitta, baʼzan ikkitadan). Hayotining 2–3 yiliga kelib jinsiy voyaga yetadi.

Cheklovchi omillar: Brakonyerlik, tog‘larning yuqori qismidagi yaylovlardan ham chorvachilik maqsadida haddan tashqari ko‘p foydalanish, cho‘pon itlari hujumi tufayli yosh qo‘zilarning nobud bo‘lishi. Seryog‘in va sovuq kelgan qish mavsumi, epizootiyalar.

Ko‘paytirish: Hayvonot bog‘larida muvaffaqiyatli ko‘paytirilmoqda.

Muhofaza choralari: 1983 yilda O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan, lekin yangi maʼlumotlar mavjud emasli- gi tufayli keyingi nashrlardan chiqarib tashlangan. Har qanday antropogen omillar, ayniqsa, brakonyerlik ustidan nazorat o‘rnatilishi, shuningdek, maxsus Piskom qo‘riq xonasi tashkil etilishi zarur. SITES ning II Ilovasiga kiritilgan.

Manbalar: [4, 49, 56, 59, 60, 66, 72, 73, 78, 110, 154, 165, 177, 179] R.D. Kashkarov

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009