Marbled Polecat
Maqomi: 2 (VU:D): Zaif, qisqarib borayotgan; keng, lekin sporadik tarqalgan tabiatan kam sonli tur. 1983 yilda milliy Qizil kitobga kiritilgan, lekin keyingi nashrlardan chiqarib tashlangan. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [VU].
Tarqalishi: Qizilqum cho‘li, Ustyurt yassi tekisligi, Mirzacho‘l va Qarshi cho‘li, G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalarining tog‘ yonbag‘irlari va yuqori kamarlari, Surxondaryoning quyi qismi. Ohangaron daryosining yuqori qismida arealning ajrab qolgan yuqori tog‘ qismi joylashgan bo‘lib, bu tarixan sug‘ur va relikt yumronqoziq makonlari bilan bog‘liq. O‘zbekistondan tashqarida: Sharqiy Yevropa, Old va Markaziy Osiyo, Rossiya, Shimoli-g‘arbiy Xitoy, Mo‘g‘uliston.
Yashash joylari: Har xil cho‘l va yarimcho‘llar, daryo va ko‘llar qirg‘oqlari, tog‘ yonbag‘irlari, tog‘ cho‘llari. Hayot kechirishi uchun u yashayotgan joyda qizildumli, katta qumsichqon va relikt yumronqoziqlar bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Sariq sassiqkuzan bilan birga uchramaydi.
Soni: Qishloq xo‘jaligi maqsadida yerlarning jadal o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq ravishda tur areali keskin ajrab qolgan, soni keskin kamaygan. Mirzacho‘l, Qarshi cho‘lining katta qismi va Turkiston tog‘ining yonbag‘irlarida ushbu tur jonivorlar yo‘qolib ketgan. Mamlakatimizdagi taxminiy soni – 5 mingta atrofida. Angren yassi tekisligidagi yuqori tog‘ qismida – taxminan 500 ta.
Yashash tarzi: Oqshom paytlari faol hayot kechirib, baʼzan kunduzi ham ov qiladi. Ko‘payish davri 5,5-6 oy davom etadi. Bolalari (3-6 ta) fevral oyining o‘rtasi va mart oyining boshida dunyoga keladi. Asosiy yemishlari – tekisliklarda katta qumsichqon, tog‘li hududlarda relikt yumronqoziq va qizildumli qumsichqon.
Cheklovchi omillar: Hududlarning qishloq xo‘jaligi maqsadida o‘zlashtirilishi va unga mutanosib ravishda ozuqa bazasi – to‘p-to‘p bo‘lib yashaydigan kemiruvchilarning kamayib ketishi.
Ko‘paytirish: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Qizilqum qo‘riqxonasi va Zarafshon Milliy tabiat bog‘ida muhofaza ostiga olingan. Angren yassi tekisligida qo‘riqlanadigan hududlar, shuningdek, saqlanib qolgan tur yashovchi tekislik joylarda kichik buyurtmaxonalar tarmog‘ini tashkil etish zarur.
Manbalar: [49, 50, 56, 62, 78, 100, 105, 115, 120, 134, 160, 177]. R.D. Kashkarov
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009