← Sutemizuvchilar
Manul
Sutemizuvchilar
Yangi

Manul

Maqomi 4 (DD) — Kam o‘rganilgan
DD — Data Deficient (IUCN xalqaro toifasi)

Manul Pallas’s Cat

ssp. ferrugineus Ognev, 1928

Maqomi: 4 (DD): O‘ta kamyob, kam o‘rganilgan kenja tur. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [NT].

Tarqalishi: Qizilqum cho‘lidan, Keles daryosining quyi qismidan, Surxondaryoning yuqori oqimidan, Boysuntog‘ va Ko‘hitang tog‘idan aniqlangan topilmalari orqali maʼlum. Biroq O‘zbekistonga chegaradosh hududlarda – Ustyurtning Qozog‘istonga tegishli qismida, Sirdaryo bo‘ylab Qizilqumning sharqiy qismi va Tojikistonda ham manulning uchrashi ular ancha keng tarqalganini taxmin qilishga imkon beradi. O‘zbekistondan tashqarida: Janubiy Turkmaniston, g‘arbiy Tojikiston va Kavkazorti. Qozog‘istonda, janubiy Oltoyda, Baykalortida, Mo‘g‘uliston va Xitoyda – boshqa kenja turlari.

Yashash joylari: Tekis yonbag‘irlar va qoyalarga tutash keng vodiylar. Balandligi dengiz sathidan 800–1500 metrgacha bo‘lgan pasttog‘lar va cho‘l qoldiq tog‘lari, d.s.b. 3000–4000 metr bo‘lgan baland tog‘larga yaqin cho‘llar. Ushbu turga mansub jonivorlar uchun muayyan darajada qor qoplami va kemiruvchilarning to‘da-to‘da yashaydigan turlari mavjud bo‘lishi hayot kechirishida asosiy omil sanaladi.

Soni: O‘tgan asrning o‘rtalaridan beri O‘zbekistonda 10 martacha uchragani qayd qilingan. O‘zbekistonga tutash hududlarda ham tabiatan kam sonli, sanoqli darajada uchraydi.

Yashash tarzi: O‘zbekistonda yashash tarzi deyarli o‘rganilmagan. Boshqa hududlarda asosan oqshom va tungi paytlarda, yoz mavsumida esa kunduzi ham faol hayot kechirishi maʼlum. Yaxshi yugura olmaydi, o‘ljani poylash va yashirincha bostirib kelish yo‘li bilan ov qiladi. Ko‘zdan pana va yakka holda hayot kechiradi. Asosiy ozuqasi – dala sichqonlari va dumsiz sichqonlar, baʼzan – kaklik va to‘rg‘aylar. Chuqur jarliklar va o‘pqonlar ostida, qoya kovaklarida o‘ziga in kovlaydi. Fevral-mart oyida juftlashadi. Bolalari (3-8 ta) may oyida dunyoga keladi. Yosh manullar tez rivojlanib, oktyabr oyigacha o‘lcham jihatidan katta yoshlilariga yetib oladi.

Cheklovchi omillar: Qor qoplamining qalinligi (20 sm dan ziyod), kemiruvchilar sonining kamayib ketishi. Mushuksimonlar oilasiga mansub eng mitti vakil sifatida o‘zidan yirikroq qum mushugidan yiroq yashashni afzal ko‘radi. Chiroyli mo‘ynasi noqonuniy ovlanishi avj olishiga sabab sanaladi. Cho‘pon itlari ham ularga qiron keltirishi mumkin.

Ko‘paytirish: Dunyodagi qator hayvonot bog‘larida muvaffaqiyatli ko‘paytirilmoqda.

Muhofaza choralari: Manzilli muhofazasini tashkil qilish uchun turning hozirgi tarqalish darajasini tadqiq qilish zarur. SITESning II Ilovasiga kiritilgan.

Manbalar: [5, 34, 56, 72, 73, 76-78, 81, 105, 135, 147, 165, 177]. R.D. Kashkarov

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009