Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Oʻzbekistonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan oltita zavod qurilmoqda

04.05.2026 Manba: gazeta.uz
Oʻzbekistonda chiqindidan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan oltita zavod qurilmoqda

30-aprel kuni Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar tahlil qilindi. Maʼlum qilinishicha, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan oltita zavod qurilmoqda. Ularning umumiy qiymati 933 million dollar. Zavodlar ishga tushgach, yiliga 3,6 million tonna qattiq maishiy chiqindi qayta ishlanib, 1,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi olinadi.

Yig‘ilishda 2025-yil natijalari ham keltirildi. Oʻtgan yili mahallalarda sanitar tozalash xizmati qamrovi 88 foizga yetgan, 132 ta chiqindi poligoni atrofi ko‘kalamzorlashtirilgan, 47 ta poligon yopilgan. 2026-yilda qamrovni 90 foizga yetkazish uchun sohaga 300 ta maxsus texnika, 80 ta motoroller va 600 ta konteyner yetkazib beriladi, yana 18 ta poligon rekultivatsiya qilinadi.

Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalari qurilishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2026-yilda 28 ta, 2030-yilgacha esa 70 ta shunday stansiya qurish rejalashtirilgan. Ular chiqindini tashish masofasi va xarajatlarini qisqartiradi, saralash va qayta ishlash hajmini oshiradi. 2030-yilgacha poligonlar sonini ikki baravar kamaytirish maqsad qilingan.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovning aytishicha, investorlar bilan birgalikda yana beshta hududda umumiy qiymati 633 million dollar bo‘lgan chiqindi yoqish zavodlarini qurish topshirig‘i berilgan.

Manba: gazeta.uz

Orqaga