← Uzumdoshlar
Yovvoyi tok (uzum)
Uzumdoshlar
Yangi

Yovvoyi tok (uzum)

Maqomi 3 — Kamyob

Vitis vinifera L.

Maqomi: 3. O‘zbekistondagi areali ajralgan kamyob tur.

Qisqacha tavsifi: Uzunligi 30 m gacha yetadigan o‘ralib o‘suvchi o‘simlik. Barglari oddiy, deyarli yumaloq, 3–5 bo‘lakli yoki panjasimon qirqilgan, asosi o‘yilgan, chetlari o‘tkir tishli yoki kungirali. To‘pguli tig‘iz yoki yoyiq ro‘vak. Mevasi turli rang va shaklda. May–iyun oyida gullab, iyul–oktyabrda yetiladi.

Tarqalishi: Jizzax, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari: Nurota tizmasi (Gurdara va Bolosoy daralari), Hisor tizmasi (Sangardak va To‘palang daryolari havzalari)da; G‘arbiy Tyan-Shan – Piskom, Ugom, Qorjontov, Chotqol tizmalarida tarqalgan. Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Daryo yoqalari, daralarda, shag‘al, mayda zarra jins tuproqli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Yakka-yakka holda yoki kichik to‘plar hosil qilib tarqalgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan hamda vegetativ yo‘l bilan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollari boqilishi hamda o‘tin sifatida ishlatilishi natijasida qisqarib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Markaziy Osiyodagi barcha botanika bog‘larida, maxsus bog‘dorchilik tajriba uchastkalarida, seleksiya stansiyalarida yangi navlar yetishtirishda foydalaniladi.

Muhofaza choralari: Nurota va Chotqol davlat qo‘riqxonalarida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [91, 159]. R. I. Qozoqboyev.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009