← Sallaguldoshlar
Yovvoyi sallagul
Sallaguldoshlar
Yangi

Yovvoyi sallagul

Maqomi 3 — Kamyob

Paeonia hybrida Pall.

Maqomi: 3. O‘zbekistondagi soni qisqarib borayotgan kamyob, manzarali tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 25–75 sm oralig‘idagi ko‘p yillik o‘t. Ildizi urchuqsimon yo‘g‘onlashgan. Barglari bandli, ikki karra uch bo‘lakli, bo‘laklari qalami-nashtarsimon. Gullari yirik, diametri 6–10 sm. Mevasi tarvaqaylagan, qalin tukli. Urug‘i yaltiroq, qora rangli. Iyun–iyul oylarida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari: Chotqol, Qurama, Zarafshon va Hisor tizmalarida tarqalgan. Qirg‘iziston, Qozog‘iston, G‘arbiy Sibirda va Shinjon muzofoti shimolidagi Jung‘oriya hududida ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1500–2000 m balandlikdagi chirindili, mayda jinsli tuproqlarda va daraxtlarning tagida o‘sadi.

Soni: Tabiatda 200– 250 populyatsiyasi borligi aniqlangan bo‘lib, ulardan ayrimlari yo‘qolib ketgan. Ular faqat qo‘riqlanadigan va chiqib bo‘lmaydigan joylarda saqlanib qolgan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullarining uzib olinishi va tuplarining ildizi bilan qazib olinib, hovlilarga ekilishi hamda chorva mollarining ko‘plab boqilishi oqibatida kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Ko‘pgina botanika bog‘larida muvaffaqiyatli ravishda ekib kelinmoqda.

Muhofaza choralari: Chotqol, Kitob va Zomin qo‘riqxonalarida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida qo‘riqlanadi. Manbalar. [226]. O. Q. Hojimatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009