← Chilonjiydadoshlar
Yovvoyi chilonjiyda
Chilonjiydadoshlar
Yangi

Yovvoyi chilonjiyda

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Ziziphus jujuba Mill.

Maqomi: 2. Areali keskin qisqarib borayotgan kamyob, relikt, subtropik tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 12 m gacha yetadigan tarvaqaylagan, mevasiz shoxlarida barglari ikki qator joylashgan, yonbargchalari yirik tikanlardan iborat daraxt. Barglari cho‘ziq tuxumsimon, uch tomirli, chetlari tishsimon o‘yilgan. Gullari mayda, yashilroq, o‘tkir hidli. Mevasi cho‘ziq-yumaloq yoki yumaloq, diametri 1,5 sm gacha yetadi. Iyun–sentyabr oylarida gullab, meva beradi.

Tarqalishi: Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: G‘arbiy Tyan-Shan (Ugom, Chotqol, Qorjontov tizmalari), Ko‘hitang tizmasi – Bog‘lidara soyi va Hisor tizmalari (G‘uzor daryosi havzasida, Sho‘rob, Qo‘shtutsoy, Zinchab, Zarchov, Duoba va Tamshush qishloqlari atroflari)da tarqalgan. Tojikiston, Turkmaniston, Kavkazortida ham tarqalgan. Bu tur O‘rta Yer dengizidan Yaponiyagacha tarqalgan.

O‘sish sharoiti: Quruq, shag‘alli, toshli va yumshoq tuproqli yonbag‘irlarda hamda daryo va soy bo‘ylarida o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka holda va kichik to‘plar hosil qilib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan va ildiz bachkilaridan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mevalarining terib olinishi, tuplarining o‘tin uchun kesilishi tufayli kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Juda qadimdan mevali va dorivor o‘simlik sifatida ekib kelingan. O‘zR FA Botanika bog‘ida 1958 yildan buyon ekib kelinadi.

Muhofaza choralari: Surxon davlat qo‘riqxonasida va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida saqlanadi. Manbalar. [83, 159]. R. I. Qozoqboyev.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009