← Qo‘ng‘iroqguldoshlar
Ulug‘vor ko‘zagul
Qo‘ng‘iroqguldoshlar
Yangi

Ulug‘vor ko‘zagul

Maqomi 1 — Yo‘qolish arafasida

Ostrowskia magnifica Regel

Maqomi: 1. Markaziy Osiyoning kamyob, relikt o‘simligi.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 170 sm gacha yetadigan ko‘p yillik o‘t. Poyasi g‘ovak, tik. Barglari halqa hosil qilib o‘rnashgan, tuxumsimon, cho‘ziqroq, yirik tishli, ko‘kimtir. Kosachalari ingichka qalami-nashtarsimon bo‘lakli, uzunligi 5 sm gacha. Toji och binafsha rangli, baʼzan oq, uzunligi 8–10 sm, bo‘laklari tuxumsimon, naychasidan qisqa. Mevasi ko‘sakchasimon. Urug‘i cho‘ziq tuxumsimon. May–iyun oylarida gullab, mevasi iyun–iyulda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasi (To‘palang va Sharg‘un daryolarining havzalari)da tarqalgan. Tojikistonda, Qozog‘istonda va Shimoliy Afg‘onistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismidagi yirik toshli surilmalarda, qoyalarning soyalarida hamda zarangzorlarning chekkalarida o‘sadi.

Soni: Tabiatda to‘p-to‘p (50 tup atrofida) bo‘lib tarqalgan. Umumiy soni 30 000 tupdan oshmaydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullari va ildizlarining yig‘ib olinishi hamda urug‘ mahsuldorligining pastligi natijasida kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: Markaziy Osiyo respublikalari va chet el botanika bog‘larida muvaffaqiyatli o‘stirilmoqda. Urug‘idan ekilganda, 4–5yili gullaydi.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [156–159, 303]. U. X. Qodirov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009