← Salibdoshlar
Turkiston eulofiyasi
Salibdoshlar
Yangi

Turkiston eulofiyasi

Maqomi 3 — Kamyob

Eulophia turkestanica (Litv.) Schlecht.

Maqomi: 3. Markaziy Osiyoning janubiy qismidagi areali ajralgan kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 35–50 sm orasidagi tuksiz, sariq-binafsha rangli, ko‘p yillik o‘t. Ildizpoyasi bo‘g‘imli. Poyasi 1–2 ta. Barglari uncha rivojlanmagan, o‘tkir uchli, pardasimon, yuqori qismi uchburchak shaklidagi novni eslatadi, uzunligi 2–3 sm. Kechroq taraqqiy etadigan poyalardagi barglari ensiz, uzunchoq, qattiq. Gullari och sariq, pastga qarab egilgan. Ko‘sagi ellipssimon, uzunligi 2–2,5 sm, eni 10–12 mm. Aprel oyida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari: Zarafshon daryosi vodiysida, Muyan, Karmana, Konimex qishloqlari atrofida, Surxondaryo havzasida, Jarqo‘rg‘on va Surxon qishloqlari o‘rtalarida, Denov shahri atrofida tarqalgan.

O‘sish sharoiti: To‘qaylarda, chiyzorlarda hamda botqoqlashgan yerlarda o‘sadi.

Soni: Kam tarqalgan, uncha katta bo‘lmagan to‘plar hosil qiladi.

Ko‘payishi: Maʼlumotlar yo‘q.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Aniqlanmagan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [337]. O. Q. Hojimatov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009