← Giatsintdoshlar
Turkiston dipkadiysi
Giatsintdoshlar
Yangi

Turkiston dipkadiysi

Maqomi 0 — Yo‘qolgan

Dipcadi turkestanicum Vved.

Maqomi: 0. Janubiy O‘zbekistonga xos juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 15–20 sm ga yetadigan ko‘p yillik piyozli o‘t. Piyozi kulrang, yupqa qobiqli. Ildizoldi barglari (2–3 ta) chiziqli, novsimon, seret. Poyasi kamgulli. Gulbarglari etli, o‘roqsimon egilgan, tashqi tomoni xira ko‘kimtir, oq hoshiyali, ichki tomoni oqish rangli. Mevasi ko‘sakchaga o‘xshaydi. Urug‘i ingichka. Aprelda gullab, mevasi may oyida yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Sherobod vodiysidagi Xovdak qoldiq tog‘ida uchraydi.

O‘sish sharoiti: Mustahkam qum uyumlarida va ularning oraliqlaridagi tekisliklarda o‘sadi.

Soni: 1975 yili o‘simlikdan ikki nusxa yig‘ilib, gerbariy qilingan. So‘nggi 30 yil mobaynida o‘simlikning birorta tupi ham topilmagan. Tur yo‘qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘payishi: Aniqlanmagan. Ehtimol, urug‘idan ko‘paysa kerak.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Xovdak tog‘ida, ayniqsa, bahor mavsumida chorva mollari ko‘plab boqilishi natijasida yo‘qolib ketgan.

Madaniylashtirilishi: 1938 yil SAGU (hozirgi O‘zMU) Botanika bog‘ida o‘simlik piyozidan ekib o‘stirilgan. Keyinchalik esa u qurib qolgan, 1975 yili bu turning 2 dona piyozi kavlab olinib, O‘zR FA Botanika bog‘ida ekilganida ham qurib qolgan.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [156–159, 223]. F. O‘. Hasanov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009