Platanus orientalis L.
Maqomi: 3. Areali ajralgan kamyob, relikt tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 30 m ga yetadigan keng shoxshabbali daraxt. Bargi panjasimon qirqilgan, 5–7 bo‘lakli, eni 12–18 sm. Bo‘laklari cho‘ziqroq, o‘yilgan, yirik tishchali. Gullari bir jinsli, sharsimon to‘pgulga yig‘ilgan. Mevali kallakchasi 2–7 tadan, diametri 2–5 sm atrofida. Mevasi yong‘oqchasimon, tumshuqchali, yotiq qalin tuklar bilan qoplangan. Aprel oyida gullab, mevasi avgust–sentyabrda yetiladi.
Tarqalishi: Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari: Hisor tizmasida Sangardak, To‘palang, Qashqadaryo, Obizarang daryolarining havzalarida o‘sadi. O‘rta Yer dengizi – Bolqon yarimorolidan Himolaygacha tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘larning o‘rta qismida, daryo bo‘ylarida, buloqlar atrofida, toshloqlarda o‘sadi.
Soni: Odatda yakka-yakka holda o‘sadi. Baʼzan kichik chinorzorlar tashkil qiladi.
Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan (ildizi va bachkisidan) ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Turli ehtiyojlar uchun kesib ketilishi tobora kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Madaniylashtirilishi: Juda qadimdan manzarali daraxt sifatida barcha sug‘oriladigan yerlar (Markaziy Osiyo va boshqa joylar)da ekib kelinadi.
Muhofaza choralari: Asrga tengdosh yirik chinorlarning har biri nazorat ostiga olingan va davlat tomonidan qo‘riqlanadi. Manbalar. [45, 159]. R. I. Qozoqboyev.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009