← Xurmodoshlar
Safsan xurmo
Xurmodoshlar
Yangi

Safsan xurmo

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Diospyros lotus L.

Maqomi: 2. Juda kamyob, areali qisqarib borayotgan relikt tur.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 15–20 m ga yetadigan qo‘ng‘ir qora po‘stloqli daraxt. Barglari mustahkam, qayishsimon, cho‘ziq, uzunligi 15 sm. Gullari sarg‘ish-qizil, qo‘ng‘iroqsimon, ikki uyli. Changchili gullari yarimsoyabonga to‘plangan, urug‘chi gullari yakka-yakka yoki bir nechtadan o‘rnashgan. Mevasi etli rezavor, sharsimon, avvaliga qizg‘ish, keyinchalik qo‘ng‘ir-qoramtir rangga kiradi. May–iyunda gullab, mevasi oktyabr–noyabrda pishadi.

Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasi (To‘palang va Sangardak daryolari havzalari, Qo‘shtut, Tamshush, Xondiza qishloqlari atroflari)da tarqalgan. Tojikiston, Kavkaz, Kichik Osiyo, Eron, Xitoy va Yaponiyada ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ning pastki va o‘rta qismlaridagi daralarning shag‘alli yonbag‘irlari, buloqlarning bo‘ylarida o‘sadi.

Soni: Kam uchraydi, baʼzan 5–15 tupi birga o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan va vegetativ yo‘l bilan (bachkisidan) ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Xo‘jalik maqsadlari uchun yerlarning o‘zlashtirilishi, qurilish hamda o‘tin uchun ishlatilishi tufayli kamayib ketmokda.

Madaniylashtirilishi: Qadim zamonlardan beri areali doirasida ekib kelinadi. O‘zR FA Botanika bog‘ida 1948 yildan buyon ekib o‘stiriladi.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [82, 159]. R. U. Qodirov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009