Bryonia melanocarpa Nabiev
Maqomi: 3. Janubi-sharqiy Qizilqumda kichik maydonda saqlanib qolgan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Chirmashib o‘suvchi ko‘p yillik o‘t. Ildizi yo‘g‘on, uzunligi 75 sm gacha, yo‘g‘onligi 15–30 sm, og‘irligi 27 kg gacha. Ildiz bo‘g‘izidan (25 gacha) 2–4 m uzunlikdagi chirmashib o‘suvchi poyalar o‘sib chiqadi. Pastki barglari yirik, etli, keng yuraksimon, chuqur besh bo‘lakli; yuqoridagi barglari mayda, nashtarsimon uchburchakli, 2–5 bo‘lakli. Pastki shingillari changchili. Shingilining o‘rta qismidagi gullari aralash (changchi va urug‘chili); yuqoridagi gullari esa urug‘chili. Toji yashil-sariq rangli. Mevasi yashil-qora rangli, yumaloq, silliq, diametri 6–8 mm. Aprel–may oylarida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Sirdaryo, Jizzax va Navoiy viloyatlari: Qizilqumdagi qadimiy Chordara shahri xarobalari yaqinida va Aydarko‘l atrofida tarqalgan. Qozog‘istonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Mustahkamlangan kichik qum uyumlarida o‘sadi.
Soni: Kichik-kichik to‘plar hosil qilib yoki yakka-yakka holda uchraydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Chorva mollarining boqilishi, cho‘l butazorlari degradatsiyasi tufayli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: 1958–1960 yillar mobaynida O‘zR FA Botanika bog‘i tajriba dalasida o‘stirilgan.
Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [156–159, 199].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009